Arbeloa Hech narsa irqchilikni oqlay olmaydi deydi

“Real” bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa “Benfika” futbolchisi Janluka Prestiannining bir o'yinga diskvalifikatsiya qilinishi yuzasidan fikr bildirdi. O'tgan hafta Vinisius Prestiannini irqchilikda ayblagan, UEFA esa ishni ko'rib chiqishda davom etmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Arbeloa so'zlariga ko'ra, dastlabki tekshiruvlarda kamsitish holati bo'lishi mumkinligi ko'ringani uchun Prestianni vaqtincha maydondan chetlatilgan. “Biz Prestiannining diskvalifikatsiyasini jamoa ichida muhokama qilmadik, ammo mening pozitsiyam o'zgarmagan: bu — irqchilikka zarba berish uchun imkoniyat. Biz faqat o'yinga e'tibor qaratganmiz, qolganiga UEFA qaror qiladi”, dedi murabbiy jurnalistlarga.
Shuningdek, Arbeloa Vinisiusning bayramona reaksiyasi borasida ham fikrini takrorladi: “Vinisius juda chiroyli gol urdi. Kim nima qilgan bo'lsa ham, yoki keyin nima qilsa ham, bu hech qachon irqchilikni oqlamaydi. Men yana takrorlayman: eng muhimi shu — hech narsa irqchilikni oqlamaydi”.
“Real” va “Benfika” 25 fevral kuni javob uchrashuvini o'tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!