date

"Inter"ning qulashi ortidan Italiya futbolida xavotirli qo‘ng‘iroq yangradi

"Inter"ning qulashi ortidan Italiya futbolida xavotirli qo‘ng‘iroq yangradi

Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Norvegiyaning “Budyo-Glimt” klubiga ikki o‘yinda ham mag‘lub bo‘lib, musobaqani kutilmagan tarzda erta tark etgan “Inter” Italiyada qattiq tanqid ostida qoldi. Milanliklardan juda katta umid qilingan edi, hatto ko‘pchilik ularni finalgacha yetib boradigan jamoalardan biri sifatida ko‘rayotgandi. Ammo voqelik butunlay boshqacha chiqdi.

Sovuq Norvegiyadagi dastlabki to‘qnashuvda 1:3 hisobida yutqazgan “Inter” o‘z maydonida vaziyatni o‘nglashi, hech bo‘lmasa kambek uchun jiddiy kurash ko‘rsatishi kutilgan edi. Biroq “Juzeppe Meatssa”da ham ssenariy milanliklar foydasiga o‘zgarmadi — aksincha, “Budyo-Glimt” yana bir bor tartib, intizom va sovuqqonlik bilan raqibini yerga tushirdi.

Uchrashuvda “Inter”ning alamli lahzalari ko‘p bo‘ldi. Manuel Akanjining qo‘pol xatosidan keyin Yens-Petter Xeuge 58-daqiqada hisobni ochdi. Bu gol mezbonlarni yanada bosim ostiga qo‘ydi. 72-daqiqada esa Xokon Even Yan Zommerni ikkinchi bor ojiz qoldirib, “Inter”ning umidlarini yanada so‘ndirdi.

Qolgan vaqtda Alessandro Bastoni hisobni qisqartirdi, ammo bu gol faqat statistika uchun xizmat qildi, xolos. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, norvegiyaliklar 5:2 hisobida umumiy g‘alabani rasmiylashtirdi va mutlaqo munosib tarzda keyingi bosqichga chiqdi.

Uchrashuvdan keyin “Inter” sardori Nikolo Barella jamoani himoya qilishga urindi. U raqibning ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongani tasodif emasligini tan oldi, ammo jamoa ko‘proq o‘z xatolari tufayli jazolanganini aytdi.

— “Budyo-Glimt” ikkala o‘yinda ham yutdi, demak ular keyingi bosqichga loyiq. Aslida ular bizga katta muammo tug‘dirmadi, biz individual xatolar tufayli gol o‘tkazdik. Barcha turnirlarda kurashishni istagandik, lekin ular yaxshiroq o‘ynadi, — dedi Barella.

Bosh murabbiy Kristian Kivu ham raqibga tan berdi. Uning aytishicha, “Inter” qo‘lidan kelgancha barcha variantlarni sinab ko‘rgan, lekin bugun raqib shiddat, temp va tashkilotchilik borasida ustun chiqqan.

— Biz juda yaxshi tashkil etilgan jamoaga qarshi hamma narsani sinab ko‘rdik. Afsuski, bugun bizdan ko‘ra ancha shiddatli jamoaga duch keldik va ularni tabriklashimiz kerak, — dedi Kivu.

Bu mag‘lubiyatdan keyin Italiya matbuoti qattiq xavotir signallarini bera boshladi. Ko‘pchilik mamlakat futboli inqirozga yuz tutyaptimi, degan savolni qo‘ymoqda. Chunki amaldagi chempion “Napoli” ham Chempionlar ligasining umumiy bosqichidan o‘ta olmadi. “Yuventus” esa pley-offning birinchi uchrashuvida “Galatasaroy”dan 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lib, javob bahsi oldidan deyarli mo‘jizaga muhtoj holatda turibdi.

“Atalanta” ham birinchi o‘yinda “Borussiya Dortmund”ga 0:2 hisobida yutqazgan va Bergamodagi javob to‘qnashuvida uning ishi oson bo‘lmaydi. Ya’ni A Seriya grandlari ketma-ket qiynalmoqda va bu bir klub muammosidan ko‘ra, umumiy tendensiyaga o‘xshab bormoqda.

Qisqasi, “Inter”ning qulashi — shunchaki bir jamoaning mag‘lubiyati emas, balki Italiya futbolida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak bo‘lgan og‘riqli qo‘ng‘iroq bo‘lib eshitildi. Endi milanliklar uchun Yevropa sahifasi yopildi, barcha e’tibor esa ichki musobaqalarga qaratiladi. Ammo bu alamli chiqish uzoq vaqt muhokamada qolishi aniq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Inter"ning qulashi ortidan Italiya futbolida xavotirli qo‘ng‘iroq yangradi