Superliganing 2-turi kutilmagan intriga va kurash va’da qilmoqda

O‘zbekiston Superligasida yangi mavsum tobora qizib bormoqda. Endi esa muxlislar e’tibori to‘liq 2-tur bahslariga qaratilgan. 4-6 mart kunlari jami 8 ta qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tadi va ularning har biri o‘zicha alohida intrigaga ega. Ilk tur natijalari ba’zi jamoalarga ishonch bag‘ishlagan bo‘lsa, ayrimlar uchun esa ikkinchi tur allaqachon jiddiy sinovga aylanib ulgurdi.
4 mart kungi dastlabki bahsda “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Paxtakor”ni qabul qiladi. Bu juftlikda tabiiyki, “Paxtakor” ko‘proq favorit sifatida ko‘rilmoqda. Chunki “sherlar” mavsumni ishonchli boshlab, o‘z uyida “Qizilqum”ni mag‘lub etdi. “Qo‘qon-1912” esa safarda “Buxoro”ga yutqazib qo‘ydi. Andrey Shipilov uchun debyut uchrashuvi omadli kechmagani rost, ammo endi uning jamoasi o‘z muxlislari qarshisida maydonga tushadi. Qo‘qonda yangi mavsumning ochilish o‘yini bo‘lishi, stadion to‘lib-toshishi va ishqibozlar qo‘llovi mezbonlarga qo‘shimcha ruh berishi mumkin. Biroq “Paxtakor”dan ochko olish uchun qo‘qonliklar faqat ishtiyoq bilan emas, tartibli va deyarli xatosiz o‘yin bilan ham ajralib turishi kerak.
Shu kuni Navoiyda ham muhit qiziydi. “Qizilqum” o‘z maydonida “Andijon”ni qabul qiladi. Ilk turda “Qizilqum” Toshkentda “Paxtakor”ga yutqazgan bo‘lsa, “Andijon” o‘z uyida juda ishonchli o‘yin ko‘rsatib, “So‘g‘diyona” darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritdi. Samvel Babayan boshchiligidagi “burgutlar”ning hozirgi kayfiyati va hujumdagi faolligi ularning imkoniyatini biroz yuqoriroq qilib ko‘rsatmoqda. Ammo Navoiydagi ochilish uchrashuvi har doim boshqacha ruhda o‘tadi. “Qizilqum” ham muxlislar oldida boshqacha qiyofada ko‘rinishga harakat qilishi aniq.
5 mart kungi bahslar ham o‘ta qiziq tus oladi. Namanganda “Navbahor” va “Buxoro” to‘qnashuvi muxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ikkala jamoa ham birinchi turni g‘alaba bilan yakunlagan. Timur Kapadze boshchiligidagi “Navbahor” mehmonda “Dinamo”ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, yaxshi taassurot qoldirdi. “Buxoro” ham o‘z navbatida “Qo‘qon-1912”ni yengib, mavsumni ijobiy boshladi. Endi esa namanganliklar o‘z uyidagi birinchi uchrashuvda tashabbusni qo‘lga olishga intiladi. “Buxoro” esa ehtimol, ehtiyotkor o‘yin tanlab, himoyani mustahkamlab, qarshi hujumlarda imkoniyat izlaydi. Bu bahsda har bir mayda epizod ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Muborakdagi “Mash’al” — “Lokomotiv” bahsi ham o‘ziga xos sinov bo‘ladi. “Mash’al” yangi bosh murabbiy qo‘l ostida birinchi turda amaldagi chempion “Neftchi”dan javobsiz uchta gol o‘tkazib yubordi. “Lokomotiv” esa aksincha, “Surxon” darvozasiga uchta to‘p kiritib, mavsumni ko‘tarinki ruhda boshladi. Bu uchrashuvda o‘yin sur’ati qanday bo‘lishi hozirdan aniq aytilmaydi. Chunki bunday pallada ko‘pincha chiroyli futboldan ko‘ra, natija birinchi o‘ringa chiqadi. Igor Surov boshchiligidagi “Mash’al” uchun esa bu bahs alohida ahamiyatga ega — jamoa nafaqat ochko olishi, balki o‘zini tiklab olayotganini ham ko‘rsatishi lozim.
Yana bir qiziq to‘qnashuv Termizda bo‘ladi. “Surxon” o‘z maydonida amaldagi chempion “Neftchi”ni sinovdan o‘tkazadi. Qog‘ozda qaralsa, albatta, “Neftchi” imkoniyati baland jamoadek ko‘rinadi. Tarkib, tajriba va chempion sifatidagi maqom ham bu fikrni kuchaytiradi. Ammo futbol bir xil hisob-kitobga bo‘ysunavermaydi. “Surxon” ilk turda mag‘lub bo‘lganidan keyin, o‘z muxlislari oldida boshqacha kayfiyatda maydonga tushishi turgan gap. Yosh, g‘ayratli va kurashuvchan tarkib bilan ular chempionga oson hayot taqdim etmasligi mumkin. “Neftchi” uchun bu safar o‘yini shunchaki navbatdagi bahs emas, balki xarakter sinovi ham bo‘ladi.
6 mart kuni esa turning eng shiddatli o‘yinlaridan biri Toshkentda kechishi mumkin. “Bunyodkor” o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qiladi. Bu to‘qnashuv markaziy o‘yin maqomiga juda yaqin. “Bunyodkor” birinchi turda derbida OKMKni mag‘lub etdi va yaxshi kayfiyatda. “Dinamo” esa o‘z uyida “Navbahor”ga yutqazib, noxush start qildi. Shu bois Vadim Abramov jamoasi uchun bu uchrashuv oddiy bahs emas — ular o‘tgan turdagi mag‘lubiyat tasodif bo‘lganini amalda ko‘rsatishi shart. Ilyos Zeytullayev boshchiligidagi “Bunyodkor” esa o‘zidagi ishonchni mustahkamlash uchun yana bir yirik raqibni taslim etmoqchi. Barcha omillar bu o‘yinning keskin, murosasiz va hayajonli o‘tishini ko‘rsatmoqda.
Jizzaxda esa “So‘g‘diyona”ni yana bir og‘ir sinov kutib turibdi. Ilk turda “Andijon”dan javobsiz to‘rtta gol o‘tkazib yuborgan jamoa bu safar “Nasaf”ga qarshi maydonga tushadi. Tabiiyki, jizzaxlik muxlislar o‘z jamoasidan boshqacha reaksiya kutmoqda. Ivan Boshkovich shogirdlari o‘tgan uchrashuvdan to‘g‘ri xulosa chiqarganini ko‘rsatishi, ayniqsa himoyadagi kamchiliklarni bartaraf etgan bo‘lishi kerak. “Nasaf” esa birinchi turda “Xorazm”ni so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga mag‘lub etib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu ham shundan dalolat beradiki, qarshiliklar oxirigacha kurashadigan jamoa. Shu bois bu bahsda ham taqdirni birgina gol hal qilib yuborishi ehtimoldan xoli emas.
Tur “Xorazm” — OKMK uchrashuvi bilan yakunlanadi. Har ikki jamoa mavsumni 1:0 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshladi. Demak, ikkinchi tur ular uchun o‘ziga xos tiklanish imkoniyatidir. Bu juftlikda imkoniyatlar deyarli tengdek. Qaysi tomon vaziyatlardan unumliroq foydalansa, o‘sha jamoa maqsadiga yaqinlashadi. Bunday o‘yinlarda tayyorgarlik, intizom va sovuqqonlik birinchi o‘ringa chiqadi. Shu jihatdan qaraganda, turning so‘nggi bahsi ham kutilmagan burilishlarga boy o‘tishi mumkin.
Qisqasi, Superliganing 2-turi juda ko‘p savollarga javob berishi kutilmoqda. Kimdir ilk g‘alabasini izlaydi, kimdir muvaffaqiyatli startni davom ettirishni xohlaydi, yana kimdir avvalgi xatolarini tuzatishga urinadi. Bir narsa aniq: 4-6-mart kunlari muxlislarni zeriktirmaydigan, kurashlarga boy va his-hayajonli bellashuvlar kutib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!