Mourinyu o'zini sotqin deb atagan murabbiyga javob qaytardi

Portugaliya chempionatida "Benfika" va "Portu" jamoalari o'rtasidagi "O Klassiko" deb nomlangan markaziy bahs keskin kurashlarga boy bo'ldi. Uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlangan bo'lsa-da, o'yin yakunidagi voqealar asosiy mavzuga aylandi. "Benfika" bosh murabbiyi Joze Mourinyu hakam tomonidan maydondan chetlatildi. Bu haqda goal.com xabar beradi.
O'yinning 89-daqiqasida Leandro Barreiro hisobni tenglashtirganidan so'ng, maydon chetida katta janjal kelib chiqdi. Mourinyu "Portu" murabbiylar shtabi vakili Luchu Gonsales bilan to'qnashib ketdi. Tajribali murabbiyning so'zlariga ko'ra, Gonsales uni 50 marta sotqinlikda ayblagan. Mourinyu esa bu ayblovlarni keskin rad etib, o'zining professional faoliyati davomida barcha klublarga bor kuchini berganini ta'kidladi.

Hakam Mourinyuni to'pni raqib zaxira o'rindig'iga qaratib tepgani uchun maydondan chetlatganini ma'lum qildi. Biroq portugaliyalik mutaxassis bu iddaoni inkor etib, to'pni tribunadagi muxlislarga sovg'a qilmoqchi bo'lganini aytdi. U to'rtinchi hakamning ishini ham qattiq tanqid qildi.
Uchrashuv natijasiga kelsak, "Portu" 66 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilikni saqlab qoldi. "Benfika" esa peshqadamdan 7 ochko ortda qolmoqda. Mourinyu chempionlik poygasi hali tugamaganini va oldinda muhim o'yinlar borligini qo'shimcha qildi.
