FIFA prezidenti 2026 yilgi jahon chempionati muvaffaqiyatli o'tishiga ishonmoqda

FIFA prezidenti Janni Infantino 2026 yilda AQSH, Meksika va Kanadada bo'lib o'tadigan jahon chempionati global miqyosdagi ulkan bayram bo'lishini ta'kidladi. Dunyodagi geosiyosiy vaziyat, xususan Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar va AQSH hamda Eron o'rtasidagi taranglik futbol olamida xavotirlarni keltirib chiqarayotgan bo'lsa-da, Infantino buni inobatga olmaslikni afzal ko'rmoqda. Uning so'zlariga ko'ra, turnir sport musobaqasidan ham ko'proq ijtimoiy hodisaga aylanadi. Bu haqda goal.com xabar beradi.
Infantino chiptalarga bo'lgan talab rekord darajada ekanligini alohida qayd etdi. Hozirga qadar 500 milliondan ortiq chipta so'rovi kelib tushgan bo'lib, bu FIFA tarixida kuzatilmagan holatdir. 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan 104 ta o'yinning barchasi to'la stadionlarda o'tishi kutilmoqda. Tashkilot rahbari barcha xavfsizlik va logistika muammolarini chetlab o'tib, turnirning tijoriy va sport jihatdan mukammal bo'lishiga urg'u bermoqda.

Shunga qaramay, vaziyat unchalik silliq emas. Iroq futbol federatsiyasi logistika va viza muammolari sababli o'z o'yinini qoldirishni so'ragan. Shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning turnirdagi ishtirokiga nisbatan befarq munosabat bildirgan. Eron vakillarining FIFA yig'ilishlarida qatnashmayotgani esa xalqaro futbol hamjamiyatida xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda. Infantino esa barcha qiyinchiliklarga qaramay, muxlislar uchun unutilmas shou tayyorlanayotganini va'da qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!