Infantino Tramp bilan uchrashdi: Eron masalasiga oydinlik kirdi

FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Tramp bilan 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik mavzusida uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi. Infantinoga ko‘ra, suhbatda turnirga tayyorgarlik jarayoni va musobaqa boshlanishiga 93 kun qolgani ham muhokama qilingan.
Eng ko‘p e’tibor tortgan nuqta — Eron bilan bog‘liq vaziyat. Infantino aytishicha, Eron milliy jamoasi JCH–2026ga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan va uchrashuv vaqtida prezident Tramp Eron termasi AQSHda o‘tadigan musobaqada qatnashishi mumkinligini yana bir bor tasdiqlagan.
«Bugun kechqurun AQSH prezidenti Donald J. Tramp bilan uchrashib, bo‘lajak FIFA jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonini va turnir boshlanishiga 93 kun qolganini muhokama qildik.
Shuningdek, Eron bilan bog‘liq vaziyat ham ko‘rib chiqildi. Eron milliy jamoasi JCH—2026ga yo‘llanma olgan. Suhbat davomida prezident Tramp Eron jamoasi AQSHda o‘tadigan turnirda qatnasha olishini yana bir bor tasdiqladi», — dedi Infantino.
FIFA rahbari, shuningdek, jahon chempionati futbol orqali dunyo xalqlarini yaqinlashtiradigan va birlashtiradigan katta voqea ekanini alohida urg‘ulagan.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!