Lionel Messi 900-golga eng tez yetish bo‘yicha yangi rekord yaratdi

Futbol olamida yana bir tarixiy voqea qayd etildi. Lionel Messi o‘z faoliyati davomida urgan gollari sonini 900 taga yetkazib, yangi rekord o‘rnatdi. Argentinalik superyulduz uchun ushbu yubiley gol CONCACAF Chempionlar kubogi doirasidagi «Neshvill»ga qarshi bahsda (1:1) kiritildi.
E’tiborli jihati shundaki, Messi ushbu natijaga yetish uchun atigi 1142 ta o‘yin o‘tkazdi va bu jahon futboli tarixida eng tez ko‘rsatkich sifatida qayd etildi. Solishtirish uchun, uning asosiy raqobatchilaridan biri — Krishtianu Ronaldu bu marraga 1236-uchrashuvda yetib kelgan.
Yosh masalasida ham Messi ustunlik qildi: u 900-golini 38 yosh 268 kunligida nishonlagan bo‘lsa, Ronaldu bu natijaga 39 yosh 213 kunligida erishgan. Bu esa argentinalik futbolchining samaradorligi va barqarorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun, Messi 2023 yildan buyon «Inter Mayami» safida to‘p tepmoqda. Ungacha u Yevropa futbolida «Barselona» va PSJ jamoalari sharafini himoya qilgan va 8 karra «Oltin to‘p» sohibi sifatida tarixga kirgan.
Messi hozir ham yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgani, uning karerasi hali tugamaganini ko‘rsatmoqda. Qisqasi, GOAT deb bekorga aytishmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!