Tyerri Anri Lionel Messi va Krishtianu Ronalduni futbolning Federer va Nadali deb atadi

Arsenal va Fransiya afsonasi Tyerri Anri Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu oʻrtasidagi abadiy bahsga oʻz munosabatini bildirdi. U ikki buyuk futbolchini bir-biridan ajratib boʻlmasligini taʼkidlab, ularning raqobatini tennis yulduzlari Rojer Federer va Rafael Nadal oʻrtasidagi qarama-qarshilikka qiyosladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Marca nashriga bergan intervyusida Anri ulardan birini tanlash notoʻgʻri ekanini taʼkidladi. "Nega odamlar ularni ajratishga urinishadi? Axir ularning oʻyinidan zavq olish mumkin-ku. Men Leo bilan birga oʻynaganman va hissiy jihatdan uni afzal koʻraman, ammo bu Krishtianuga qarshi chiqishim kerak degani emas. Ikkalasi ham oʻzga sayyoraliklar kabi futbol choʻqqisida turibdi", — dedi fransiyalik sobiq hujumchi.
Anri ularning nafaqat iqtidoriga, balki uzoq yillar davomida yuqori saviyani saqlab qolganiga ham alohida toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, ikki futbolchining deyarli yigirma yil davomida jahon futboli choʻqqisida qolishi qatʼiy intizom va mashaqqatli mehnat mahsulidir.
Statistikaga nazar tashlasak, Lionel Messi sakkiz karra Oltin toʻp sohibi va 2022-yilgi Jahon chempioni hisoblanadi. Krishtianu Ronaldu esa besh karra Oltin toʻp va besh marta Chempionlar ligasi gʻolibi boʻlgan. Ikkala futbolchi ham oʻz faoliyatining soʻnggi bosqichida ham rekordlar oʻrnatishda va muxlislarni hayratda qoldirishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!