Italiya restoranida «qovurilgan havo» bepul beriladi

Italiyaning Kastelfranko-Veneto shahridagi Feva restoranida mehmonlarga «qovurilgan havo» deb nomlangan g‘ayrioddiy gazak taklif etiladi. Uni restoran bosh oshpazi Nikola Dinato yaratgan.
Nomiga qaramay, taom haqiqiy havodan tayyorlanmaydi. Uning asosini tapiokadan tayyorlangan yupqa qatlam tashkil etadi. Avval u pishiriladi, keyin qizdirilgan yog‘da qovuriladi va taxminan 10 daqiqa davomida ozon bilan ishlov beriladi. Bu usul gazakka o‘ziga xos hid berish uchun qo‘llanadi.
Tayyor gazak paxta qand ustiga qo‘yilib, bulutni eslatadigan ko‘rinishda dasturxonga tortiladi. Unga kunjutli vegan mayonez ham qo‘shib beriladi.
«Qovurilgan havo»ning bir porsiyasi 30 dollar turadi degan xabarlar avval ham tarqalgan. Biroq restoran xodimining tushuntirishicha, bu gazak mehmonlarga kutib olish taomi sifatida bepul taqdim etiladi.
Oshpaz Nikola Dinatoning g‘oyasi — mehmonlarni odatdan tashqari taom bilan hayratlantirish va ularga hayotda yangi taassurotlarni qadrlash muhimligini eslatish. Ushbu gazak restoranning o‘ziga xos taom taqdim etish uslubini ifodalaydi.































Izohlar 0
…