date

Eldor Shomurodov terma jamoa yig‘ini va o‘yinlar ahamiyati haqida gapirdi

Eldor Shomurodov terma jamoa yig‘ini va o‘yinlar ahamiyati haqida gapirdi

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi hujumchisi, O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodov yurtimizga yetib kelib, milliy jamoa yig‘iniga qo‘shildi. Terma jamoa hozirda muhim xalqaro uchrashuvlar oldidan tayyorgarlik jarayonini olib bormoqda.

Futbolchi ta’kidlashicha, jamoa a’zolari bosqichma-bosqich kelib qo‘shildi va hozirda tarkib to‘liq shakllangan. «Kuni kecha yig‘inga kelib qo‘shildik, bugun esa barcha futbolchilar yetib keldi. Oldinda ikkita muhim o‘rtoqlik o‘yinlari bor. Jamoa to‘liq tayyor holatda», — dedi u.

Shomurodov jamoada Abbosbek Fayzullayev yo‘qligi haqida ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, Fayzullayevning qatnashmasligi albatta sezilarli yo‘qotish, ammo futbolchi kichik jarohatdan keyin tez orada safga qaytishi kutilmoqda.

Hujumchi o‘zining klubdagi so‘nggi o‘yinlarda gol ura olmayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi. U bunday holatlar har bir futbolchi faoliyatida uchrab turishini, eng muhimi esa jamoaviy natija ekanini ta’kidladi.

Gabon va Venesuelaga qarshi bo‘lajak uchrashuvlar haqida gapirgan sardor, ushbu yig‘in Jahon chempionati oldidan so‘nggi imkoniyat ekanini qayd etdi. Unga ko‘ra, bu o‘yinlar orqali jamoa o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘radi, yangi futbolchilar esa o‘zini namoyon qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, u FIFA Series xalqaro turniri oddiy o‘rtoqlik o‘yinlariga nisbatan ancha qiziqarli ekanini aytdi. «Hatto kichik musobaqa bo‘lsa ham, u o‘yinlarga boshqacha ruh bag‘ishlaydi. Bu nafaqat futbolchilar, balki muxlislar uchun ham manfaatli», — deya qo‘shimcha qildi Shomurodov.

Mazkur yig‘in milliy jamoa uchun jiddiy sinov bo‘lib, jamoaning kelgusi katta musobaqalar oldidan qanday holatda ekanini ko‘rsatib beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov terma jamoa yig‘ini va o‘yinlar ahamiyati haqida gapirdi