Slovakiya dramatik o‘yinda Kosovoga mag‘lub bo‘lib finaldan qoldi

Yevropa qit’asida 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma uchun kurash tobora keskin va intrigali tus olmoqda. Saralash pley-off bosqichining yarimfinal uchrashuvlari yakunlanib, ayrim jamoalar hal qiluvchi bosqichga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, boshqalari orzularidan mahrum bo‘ldi.
Shunday dramatik bahslardan biri Slovakiya va Kosovo milliy jamoalari o‘rtasida kechdi. Mezbonlar muxlislari oldida g‘alaba qozonishga yaqin kelgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat alamli mag‘lubiyatni qabul qilishga majbur bo‘ldi.
Uchrashuv juda shiddatli va gollarga boy tarzda boshlandi. Ilk daqiqalardayoq Valentning goli Slovakiyaga ustunlik berdi. Biroq Kosovo jamoasi tezda javob qaytarib, o‘yinda muvozanatni tikladi.
Birinchi bo‘lim oxirida Garaslin tomonidan kiritilgan gol mezbonlarga yana ustunlikni qaytardi va ular tanaffusga yuqori kayfiyatda yo‘l oldi.
Ikkinchi taymda esa vaziyat butunlay o‘zgardi. Kosovo jamoasi hujumlarni kuchaytirib, ketma-ket gollar urdi. Aslani, Musliya va Xayrizining aniq zarbalari mehmonlarni oldinga olib chiqdi.
So‘nggi daqiqalarda Streles hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, bu Slovakiyani qutqarish uchun yetarli bo‘lmadi. Natijada 3:4 hisobidagi mag‘lubiyat mezbonlarni final orzusidan mahrum qildi.
Mutaxassislar fikricha, bu o‘yin haqiqiy futbol spektakliga aylandi. Har ikki jamoa ochiq va hujumkor o‘yin namoyish etdi, ammo Kosovo so‘nggi daqiqalargacha barqarorligini saqlab qoldi.
JCH-2026 saralashi.
Pley-off. Yarimfinal
Slovakiya – Kosovo 3:4
Gollar: Valent (6), Garaslin, (45), Streles (90+4) - Xodja (21), Aslani (47), Musliya (60), Xayrizi (72)
Slovakiya: Dubravka - Valent, Vavro, Obert, Bero (Mraz) - Lobotka, Duda (Benesh) - Gansko, Zauer (Suslov), Garaslin (Tupta) - Streles.
Kosovo: Murich - Voyvoda, Dellova, Xayrizi, Xaydari - Gallapeni, Xodja (Emerlaxu), Redjbechay - Musliya (Xaderdjonaj), Asllani (Zabargdja), Muriki (Rraxmani).
Ogohlantirishlar: Vavro, Xodja, Valent, Xayrizi, Dellova.
Shu tariqa, Kosovo milliy jamoasi muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, pley-off finaliga yo‘l oldi. Endi ular 31-mart kuni o‘z maydonida Turkiyaga qarshi hal qiluvchi bahsda Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!