date

Gvardiola: «Manchester Siti» yarimfinalga chiqib tarix yozish arafasida

Gvardiola: «Manchester Siti» yarimfinalga chiqib tarix yozish arafasida

Bugun, 4 aprel kuni Angliya Kubogi chorak finali doirasida katta qiziqish uyg‘otayotgan to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Unda «Manchester Siti» o‘z maydonida prinsipial raqib “Liverpul”ni qabul qiladi. Bu bellashuv nafaqat turnir nuqtai nazaridan, balki ikki grandioz jamoa o‘rtasidagi raqobat sabab ham muxlislar diqqat markazida.

“Shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ushbu muhim o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ispaniyalik mutaxassis jamoasining so‘nggi vaqtlardagi barqaror o‘yini va yuqori natijalarini alohida taʼkidlab o‘tdi. Uning taʼkidlashicha, «Manchester Siti» hozir tarixiy yutuq yoqasida turibdi.

— Bizda yana bir muhim marraga yetish imkoniyati bor. Agar bugun g‘alaba qozonsak, ketma-ket sakkizinchi marta yarim finalga chiqamiz. Bu esa hali hech bir jamoaga nasib etmagan natija. Bu turnir juda nufuzli va biz uchun katta ahamiyatga ega. Raqib ham kuchli, lekin muxlislarimiz qo‘llab-quvvatlasa, bu vazifani bajara olamiz, — deya ishonch bildirdi Gvardiola.

Darhaqiqat, «Manchester Siti» so‘nggi yillarda Angliya futbolida barqarorlik va yuqori saviya timsoliga aylandi. Jamoa Premyer-ligada ham yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda. Ayni damda “shaharliklar” turnir jadvalida ikkinchi pog‘onani egallab, peshqadam “Arsenal”dan 9 ochkoga orqada bormoqda.

Shu bilan birga, “Liverpul” ham har qanday raqibga jiddiy muammo tug‘dira oladigan jamoalardan biri hisoblanadi. Ular ayrim qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, hujum chizig‘idagi salohiyati hali ham xavfli va samarali.

Qisqasi, bugungi bahs haqiqiy futbol shouga aylanishi kutilmoqda. Bir tomonda — tarixiy rekord sari intilayotgan «Manchester Siti», ikkinchi tomonda — har qanday raqibni to‘xtatishga qodir “Liverpul”.

Endi asosiy savol: Gvardiola shogirdlari yana bir sahifani yoza oladimi yoki mersisaydliklar sensatsiya qiladimi? Bir narsa aniq — bu o‘yinni o‘tkazib yuborish, rostini aytsam, futbolga xiyonatga teng.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola: «Manchester Siti» yarimfinalga chiqib tarix yozish arafasida