Abduqodir Husanov «Manchester Siti» g‘alabasida asosiy qahramon bo‘ldi

Angliya kubogining chorak finalida «Manchester Siti» futbolchilari kuchli raqib — mamlakatning amaldagi chempioni “Liverpul”ni 4:0 hisobida katta ustunlik bilan mag‘lub etdi. Bu uchrashuvda jamoa hujumlari samarali va himoyadagi harakatlari barqarorligi bilan ajralib turdi.
O‘yinda o‘zbek legioneri Abduqodir Husanov eng muhim himoyachilardan biri sifatida ko‘zga tashlandi. U raqib to‘purari Muhammad Salohga qarshi hal qiluvchi seyv amalga oshirib, o‘yinning yo‘nalishini o‘zgartirdi va “Liverpul”ning hisob ochish imkonini bartaraf etdi. Bu epizod “shaharliklar” uchun burilish nuqtasiga aylandi va jamoada ishonchni yana-da mustahkamladi.
Husanovning Angliya kubogi chorak finalidagi harakatlari — top hujumchilarga qarshi qanday samarali himoya qilish mumkinligining yaqqol namunasi bo‘ldi. Sofascore tahlilchilari uning o‘yinini 7.4 ballga baholadi va eng yaxshi besh futbolchi qatoriga kiritdi. Himoyaviy harakatlari 10 ta, to‘pni uzoqlashtirishlari 4 marotaba, blok qilingan zarbalar 2 ta va to‘pni olib qo‘yishlari 4 marotaba (50% samaradorlik) bo‘ldi. Yakkakurashlarda esa yerdagi 6 ta dueldan 4 tasini, havoda esa 100% ustunlik bilan uddaladi.

Eʼtiborlisi, himoyachi butun o‘yin davomida faqat bir marta qoida buzdi, shu bilan birga 4 ta muhim to‘pni samarali oldi. Bu esa uning faqat himoyada emas, jamoa o‘yinini boshqarishda ham qanchalik ishonchli ekanini ko‘rsatdi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, Abduqodir Husanov o‘zining mukammal va barqaror harakatlari bilan «Manchester Siti»ning asosiy tarkibidagi o‘rnini mustahkamlab, muntazam boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga to‘liq loyiq ekanini namoyish etmoqda. Uning bu ko‘rsatkichlari jamoa uchun muhim omil va kelgusidagi muhim uchrashuvlarda ham taʼsirchan rol o‘ynaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!