Bahodir Jalolov: Tashlab ketmoqchi bo‘lgan boks uni chempion qildi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bahodir Jalolov 2016 yilda Olimpiadada, 2017 yilda esa Gamburgda o'tgan Jahon chempionati finalida mag'lub bo'lganidan keyin boksni tashlamoqchi bo'lgan.
- Otasi vafot etganidan so'ng onasi va murabbiyi To'lqin akaning daldasi unga kuch bergan va u 2020 yilgi Olimpiadada chempion bo'lishga va'da bergan.
- Jalolov Amerikada mashg'ulotlarga borish uchun 8 kilometr piyoda yurgani, oyiga 400 dollar olgani va ko'pincha makaron bilan kun kechirganini aytdi.
Bahodir Jalolov MY5 telekanalining “Efirda To‘raxonov” ko‘rsatuvida bergan intervyusida hayotidagi eng og‘ir va burilishli davrlar haqida ochiq gapirdi.
Bokschining aytishicha, u bir vaqtlar sportni butunlay tark etish arafasiga kelgan:
“2016 yilda Olimpiadada yutqazganimdan keyin boksni tashlamoqchi bo‘lganman. Boshqa ish bilan shug‘ullanishni o‘yladim. Chunki 2017 yilda Gamburgda o‘tgan Jahon chempionati finalida ham mag‘lub bo‘ldim. Otam vafot etganidan keyin onamga ‘endi boshqa ish qilaman’ dedim. Onam esa ‘Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, o‘g‘lim’, deb menga katta dalda berdi.
Murabbiyim To‘lqin aka ham ‘hali chempion bo‘lasan, zo‘r bo‘lasan’, deb meni ruhlantirdi. Shundan keyin o‘zimga va’da berdim: ‘Xudo xohlasa, 2020 yilgi Olimpiadaga borib, albatta chempion bo‘laman’.
Shundan so‘ng juda qattiq mehnat qildim. Kuniga uch mahal mashg‘ulot o‘tkazib, ustimda tinmay ishladim. Keyinchalik o‘rtog‘im bilan Amerikaga, Mayamiga yo‘l oldik. Promouterlar bilan borgandik. Promouterlarni yaxshisi ham bor, yomoni ham bor. Biz shu yomoni bilan ishlab, ko‘p qiyinchiliklarga duch keldik va ancha qiynaldik.
Mashg‘ulotlarga borish uchun 8 kilometr yo‘lni piyoda bosib o‘tardik. Oyiga 400 dollar berishardi, bu esa Amerikada yashash uchun yetarli emasdi. Ko‘pincha makaron qaynatib yeyishga majbur bo‘lardik.
Bir kuni meni sparringga qo‘yishdi. Raqibim kubalik bokschi edi. Uni urib tashadim. Keyin meni ko'rib — ‘bu bola qayerdan kelib qoldi?’ degan. Shundan so‘ng murabbiyim meni mashg‘ulotlarga o‘z mashinasida olib boradigan bo‘ldi.
Shunday og‘ir sinovlardan o‘tdik. Oxir-oqibat, Xudoga shukr, Olimpiadada yuzimiz yorug‘ bo‘ldi”, — deya xotiralarini bo‘lishdi Jalolov.






























Izohlar 0
…