“Liverpul” yozda tarkibni to‘liq yangilashga tayyorlanmoqda

Joriy mavsum Angliya chempionligini muvaffaqiyatli himoya qila olmagan “Liverpul” klubi kelayotgan yozda tarkibda muhim va keng ko‘lamli yangilanishlar qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Sun nashri maʼlumot berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, jamoaning so‘nggi yillardagi eng samarali to‘purarlaridan biri, Muhammad Saloh, yozda klubni tark etishi aniq bo‘lgan eng muhim futbolchilardan sanaladi. Ammo bu yo‘qotish “qizillar” uchun barcha o‘zgarish emas.
Manbaning aytishicha, klub shuningdek Jo Gomes, Aleksis Mak Allister, Federiko Kyeza va Kodi Gakponini ham transferga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, yarim himoyachi Kyortis Jonsning jamoadagi kelajagi ham hali aniq emas.
Bundan tashqari, himoyachi Endryu Robertson yozda erkin agent sifatida klubni tark etishi kutilmoqda. Bu o‘zgarishlar “Liverpul”ning kelgusi mavsumdagi strategik rejalarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Avvalroq, bosh murabbiy almashtirilishi va jamoani boshqarish uchun ishsiz yurgan Xabi Alonsoning tayinlanishi mumkinligi haqida xabarlar ham tarqalgan edi. Hozirgi paytda klub Premyer-liga jadvalida beshinchi o‘rinda va Yevropa Chempionlar ligasida yangi mavsum yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda.
Muxlislar esa, bu transferlar va yozgi yangilanishlar natijasida “Liverpul”ning keyingi mavsumda ham kuchli va barqaror o‘yin ko‘rsatishiga umid qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!