O‘zPFL hakamlik va VARga jiddiy eʼtiroz bildirdi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi mamlakat futbol maydonlarida hakamlik va VAR tizimi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan jiddiy munosabat bildirdi. Liga rasman O‘zFHMga murojaat qilib, ayrim hakam qarorlari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilgan.
Shu bilan birga, O‘zPFL tomonidan bosh hakam Rustam Lutfulinni Superliga, Pro-liga hamda O‘zbekiston Kubogi kabi barcha musobaqalardan vaqtinchalik chetlatish taklifi ilgari surilgani maʼlum qilindi.
Liga rahbariyati fikricha, “Qo‘qon-1912” va “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuvning 78-daqiqasida yuzaga kelgan vaziyat katta bahslarga sabab bo‘lgan. Dastlab bosh hakam Rustam Lutfulin holatni to‘g‘ri baholab, o‘yinni davom ettirishga qaror qilgan. Biroq keyinchalik VAR hakami Ibrohim Ismoilov aralashib, vaziyatni qayta ko‘rib chiqishni taklif etgan va shundan so‘ng maydondagi qaror o‘zgargan.
O‘zPFL taʼkidlashicha, o‘sha kunning o‘zida Ekspert hakamlar guruhi tezkor tahlil o‘tkazib, VAR tomonidan berilgan chaqiruv noto‘g‘ri bo‘lganini hamda aslida bosh hakamning qarorida ham xato borligini qayd etgan.
Shu bilan birga, o‘tgan mavsum Superliganing 15-turida bo‘lib o‘tgan “Dinamo” — “Nasaf” uchrashuvi ham eslatib o‘tilgan. Unda Rustam Lutfulin “Nasaf” darvozasiga shubhali penalti belgilagani tanqidlarga sabab bo‘lgan. Ammo o‘sha uchrashuv texnik nosozlik tufayli efirga uzatilmagan va VAR tizimi ham ishlamagani uchun Liga hakamni javobgarlikka tortmagan.
O‘zPFL bayonotida shunday savol ham ko‘tarilgan: agar turli rakurslarda takroriy ko‘rinishlar mavjud bo‘lgan holda ham hakamlar xatoga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa, unda VAR tizimining amaldagi vazifasi nimadan iborat?
Hozircha mazkur vaziyat bo‘yicha rasmiy yakuniy qaror eʼlon qilinmagan, biroq futbol jamoatchiligi orasida muhokamalar kuchayib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!