Alvaro Arbeloa: “Real” to‘liq kuch bilan o‘ynamayapti...

Ispaniya chempionatining 31-turi “Real” uchun omadsiz boshlandi. Madridliklar o‘z muxlislari oldida “Jirona”ga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozona olmay, muhim ochkolarni boy berdi.
O‘z maydonida 1:1 hisobida durang qayd etgan jamoa hozirgi holatda La Liga peshqadami “Barselona”dan, bir o‘yin ko‘proq o‘tkazganiga qaramay, olti ochko ortda qolmoqda. Bu esa amalda “qaymoqranglilar”ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini ancha qiyinlashtirib qo‘ydi.
Uchrashuvdan keyin “Real” bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa natija va yo‘qotilgan ochkolar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, jamoa har doim ham o‘z imkoniyatlarining to‘liq salohiyatini ishga solmayapti.
“Har qanday raqibni mag‘lub etish uchun 200 foiz kuch bilan o‘ynash kerak. Biz esa ko‘p holatda hatto 90 foiz imkoniyatimizdan ham to‘liq foydalanmayapmiz.
Agar sen o‘rtacha kuchli yoki o‘zingdan kuchsizroq jamoalarga qarshi ishonchli o‘ynashni istasang, har bir bahsda maksimal kuch berishing shart. Aks holda bunday yo‘qotishlar yana takrorlanaveradi”, — dedi Arbeloa.
Mazkur durang “Real” uchun chempionlik kurashini yana-da murakkablashtirib, jamoaga bosimni oshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!