date

“Komo” ustunligini saqlay olmadi: “Inter” kambek bilan g‘alaba qozondi

“Komo” ustunligini saqlay olmadi: “Inter” kambek bilan g‘alaba qozondi

Italiya A Seriyasining 32-turidan o‘rin olgan markaziy va dramatik uchrashuvlardan biri muxlislarga haqiqiy futbol shouni taqdim etdi. “Komo” o‘z maydonida chempionlik uchun kurashayotgan “Inter”ni qabul qildi va o‘yin davomida ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotganiga qaramay, yakunda mag‘lubiyatni qabul qilishga majbur bo‘ldi.

Bellashuv juda shiddatli va yuqori tempda boshlandi. Maydon egalari birinchi bo‘lib hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. 36-daqiqada Valle aniq zarba bilan “Komo”ni oldinga olib chiqdi. Bu goldan keyin ham jamoa faolligini pasaytirmadi va birinchi bo‘lim oxiriga yaqin yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 45-daqiqada Pas hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib, muxlislarga katta umid bag‘ishladi.

Biroq “Inter” bu holatga javobsiz qolmadi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Tyuram hisobni qisqartirib, intrigani qayta tiriltirdi. Bu gol o‘yindagi burilish nuqtasiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan milanliklar to‘liq tashabbusni qo‘lga oldi. 49-daqiqada yana Tyuram o‘z nomini tabloga yozdirib, hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng “Inter” bosimni yana-da kuchaytirdi va raqibni himoyada xatoga majbur qildi.

59-daqiqada Dumfris jamoasini oldinga olib chiqdi, 72-daqiqada esa u dublni rasmiylashtirib, “Inter”ning ustunligini mustahkamladi. Shu tariqa mehmonlar 4:2 hisobida oldinga chiqib oldi.

Uchrashuv so‘nggi daqiqalarida “Komo” taslim bo‘lmadi. 88-daqiqada da Kunya penaltidan foydalanib, hisobni qisqartirdi. Ammo kambek uchun vaqt yetarli bo‘lmadi va o‘yin 4:3 hisobida “Inter” foydasiga yakunlandi.

A Seriya. 32-tur

Komo — Inter 3:4

12 aprel, «Juzeppe Sinigalya»

Gollar: Valle (36), Pas (45), da Kunya (88, penalti) — Tyuram (45+2, 49), Dumfris (59, 72).

Komo — Butes, van der Brempt (Smolchich, 67), Karlos (Ramon, 46), Kempf, Valle (Moreno, 80), Roberto (da Kunya, 46), Perrone, Diao (Morata, 80), Pas, Baturina, Duvikas.

Inter — Zommer, Akanji, Acherbi, Bastoni (Augusto, 46), Dumfris, Barella (Mxitaryan, 78), Chalxono‘g‘li, Zelinski (Suchich, 56), Dimarko (Enrike, 56), Espozito (Bonnni, 56), Tyuram.

Ogohlantirishlar: Valle (25), Zelinski (53), Diao (59), Chalxono‘g‘li (69), Acherbi (79), Augusto (83), Bonni (87), Ramon (90+2), Akanji (90+7).

Ushbu muhim g‘alabadan so‘ng “Inter” ochkolarini 75 taga yetkazib, turnir jadvalidagi peshqadamligini yana-da mustahkamladi. Ular yaqin taʼqibchisi “Napoli”dan 9 ochko oldinlab ketmoqda. “Komo” esa yaxshi boshlangan o‘yinni oxirigacha olib bora olmay, 58 ochko bilan 5-pog‘onaga tushib qoldi.

Umuman olganda, bu bahs futbol muxlislari uchun haqiqiy trillerga aylandi. “Inter” o‘z xarakteri va chempionlikka xos ruhini namoyon etgan bo‘lsa, “Komo” uchun bu uchrashuv saboq bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Chempionlik poygasi esa tobora qizg‘in tus olmoqda — va intriga hali uzoq davom etishi aniq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » “Komo” ustunligini saqlay olmadi: “Inter” kambek bilan g‘alaba qozondi