date

Baqoyev “So‘g‘diyona”ning mavsumdagi ilk g‘alabasi haqida nimalar dedi?

Baqoyev “So‘g‘diyona”ning mavsumdagi ilk g‘alabasi haqida nimalar dedi?

“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev Superliga 7-turi doirasida “Qizilqum”ga qarshi (3:1) bo‘lib o‘tgan o‘yindan keyin o‘z fikrlarini bildirdi.

— O‘yin haqida fikringiz?

— O‘yin yaxshi boshlandi. Ikkala jamoa ham ham himoyada, ham hujumda faol harakat qildi. Birinchi bo‘limda gol urishga erishdik. U o‘sha epizodda xatoni kim qilganini aniq aytish qiyin — yarimhimoyachimi yoki himoyachimi. Keyin ikkinchi golni ham urdik va tanaffusga ustunlik bilan chiqdik. Ikkinchi bo‘limda esa tezkor qarshi hujum orqali yana bir bor gol kiritdik. Oxirida esa bir to‘p o‘tkazib yubordik.

Jamoamizni mavsumdagi ilk g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun maydonga tushgan har bir futbolchi bor imkoniyatini berdi, tartibli o‘yin ko‘rsatishga harakat qildi. “Qizilqum” jamoasiga esa keyingi o‘yinlarda omad tilayman.

— Ilgari aksar murabbiylar U-21 jamoasi o‘yinlari bir kun oldin bo‘lishi kerakligi haqida norozilik bildirishgandi. Hozir 7-tur o‘tdi, lekin hech bir bosh murabbiyni U-21 o‘yinlarida ko‘rmadik. Shu mavzuni ko‘tarish qanchalik to‘g‘ri edi?

— Bu savolga javob berish men uchun oson emas. Lekin hurmat yuzasidan fikr bildirishga harakat qilaman. Balki bosh murabbiylarda vaqt yetishmayotgandir, yoki U-21 o‘yinlariga yordamchi murabbiylar borayotgandir.

U-21 musobaqasining asosiy maqsadi — yosh futbolchilarni ko‘rib chiqish va isteʼdodlilarini asosiy jamoaga jalb qilib raqobatni kuchaytirish. Hozir zamonaviy davrdamiz: barcha o‘yinlar video orqali kuzatilmoqda, maʼlumot olish imkoniyati yetarli. Shaxsan men uchun U-21 o‘yinlari asosiy jamoa o‘yinidan bir kun oldin bo‘lishi to‘g‘ri qaror. Chunki ajralib turgan yosh futbolchi ertasi kuni asosiy qaydnomaga kirish imkoniga ega bo‘ladi.

Bizda esa yordamchilarimiz doim U-21 o‘yinlarini joyida kuzatib boradi. Kecha asosiy jamoadan uch futbolchini U-21ga yubordik va ular haqida xulosa oldik. Boshqalar haqida gapira olmayman, lekin biz U-21 jamoasini doim nazorat qilib kelyapmiz.

— Bugungi g‘alabaning asosiy sababi nimada bo‘ldi?

— Ikkala jamoa ham o‘yindan oldin qiyin vaziyatda edi. Raqib oldin g‘alaba qozongan, biz esa hali yutuqqa ega emas edik. “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinda 2 gol urgan bo‘lsak ham, g‘alabani ushlab qola olmaganmiz. “Dinamo”ga qarshi esa 1:0 hisobida oldinga chiqib, keyin 2 gol o‘tkazib yuborganmiz. Shuning uchun futbolchilarni avvalo ruhiy jihatdan tayyorlash muhimligini angladik.

Ikkinchi omil — jismoniy tayyorgarlik. Biz ko‘p holatda 70-daqiqalar atrofida gol o‘tkazib yuborayotgan edik. Bugun ham 50-daqiqada “Qizilqum” xavfli hujum uyushtirib, 20 metrdan zarba berdi. Yaxshiyamki darvozabonimiz goldan saqlab qoldi. Agar o‘sha vaziyatda gol o‘tkazganimizda, o‘yin qanday kechishini aytish qiyin.

— Darvozabon Shohrux Isoqov bugun ikki marta juda yaxshi seyv qildi.

— Bu uning vazifasi. Kerak bo‘lsa, ikki emas, o‘n marta ham seyv qilishi kerak. Biz unga ishonamizmi, demak u ham ishonchni oqlashi kerak. Hozircha biz eng ko‘p gol o‘tkazgan jamoalardan birimiz. Shohrux bu holatdan xulosa chiqarishi kerak. Men uning “nol”da o‘ynashini istayman va unga omad tilayman. Barchasi o‘z qo‘lida, — dedi Baqoyev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Baqoyev “So‘g‘diyona”ning mavsumdagi ilk g‘alabasi haqida nimalar dedi?