“Arsenal”da “Siti”ga qarshi o‘yin oldidan jiddiy tarkibiy muammo...

"Manchester Siti" 19 aprel kuni o‘z maydonida Premyer-liga peshqadami “Arsenal”ni qabul qiladi. Ushbu to‘qnashuvdagi g‘alaba Xosep Gvardiola shogirdlariga ochkolar bo‘yicha londonliklar bilan tenglashish imkonini berishi mumkin.
Bunday muhim o‘yin oldidan “Arsenal” safida jiddiy tarkibiy muammolar paydo bo‘ldi. So‘nggi mashg‘ulotlardan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, besh nafar futbolchi — Rikkardo Kalafiori, Martin Edegor, Deklan Rays, Bukayo Saka va Yurriyen Timber umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarda qatnashmagani xavotir uyg‘otdi.
Yaqinda “Arsenal” o‘z maydonida “Bornmut”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan uchrashuvda to‘liq o‘ynagan Deklan Raysning mashg‘ulotni o‘tkazib yuborishi esa eng katta kutilmagan holatlardan biri bo‘ldi.
Bukayo Saka mushak jarohati sabab so‘nggi uch o‘yinni o‘tkazib yuborgan, jamoa sardori Martin Edegor esa tizzadagi muammo tufayli maydonga chiqmayapti. Shuningdek, Yurriyen Timber va Rikkardo Kalafiori ham to‘liq tiklanmagan holatda.
Agar ushbu futbolchilar 19 aprelgacha to‘liq tiklanmasa, "Manchester Siti" uchun ustunlik yana-da oshishi mumkin. Bu esa mavsumning hal qiluvchi o‘yinlaridan biri oldidan kuchlar muvozanatini sezilarli o‘zgartirib yuboradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!