Vinisius va Bellingem o‘rtasidagi mojaro muxlislarni hayratda qoldirdi

Yevropa Chempionlar ligasining “Bavariya”ga qarshi chorak final javob bahsida “Real Madrid” futbolchilari o‘rtasida kutilmagan holat yuz berdi. Jamoa hujumchisi Vinisius Junior va yarim himoyachi Jud Bellingem o‘rtasida maydon ichida tortishuv kuzatildi.
Bu haqda Madrid Universal ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot tarqatdi. Manbaga ko‘ra, vaziyat Vinisiusning hujum paytida sherigiga pas uzatmaganidan boshlangan. Bellingem bu holatdan norozi bo‘lib, norozilik bildirgan. Bunga javoban braziliyalik futbolchi keskin tarzda: “Nima xohlaysan? Ovozingni o‘chir!” deya munosabat bildirgani aytilmoqda.
Ushbu holat jamoa ichidagi bosim va o‘yinning keskinligi qay darajada ekanini ko‘rsatdi. Chunki bahs hal qiluvchi pallada o‘tayotgan va har bir qaror o‘yin taqdiriga taʼsir qilayotgan edi.
Uchrashuv natijasiga kelsak, ikki o‘yin yakuniga ko‘ra “Bavariya” 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Endi myunxenliklar final yo‘llanmasi uchun Pari Sen-Jermenga qarshi maydonga tushadi.
“Real” uchun esa bu yana bir omadsizlik bo‘ldi. Jamoa ketma-ket ikkinchi mavsum Chempionlar ligasining yarim final bosqichiga chiqa olmadi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda madridliklar ushbu bosqichda “Arsenal”ga (0:3, 2:1) mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan edi.
Qisqasi, nafaqat mag‘lubiyat, balki jamoa ichidagi shunday kichik mojarolar ham “Real” uchun og‘ir mavsum kechayotganini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!