Dubay–Tel-Aviv reysida uchuvchiga hujum qilindi

2026 yil 30 sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchib ketayotgan Flydubai aviakompaniyasining FZ1073 reysi bortida jiddiy hodisa yuz berdi. Hindistonlik uchuvchi Smit Machchxar hamkasbi tomonidan hujumga uchrab, jarohatlandi. Samolyotda 174 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, parvoz vaqtida ikkinchi uchuvchi kabinada Machchxarga hujum qilgan. Birlashgan Arab Amirliklari bosh prokurori 3 oktyabr kuni bergan bayonotida hujumda samolyotdagi favqulodda vaziyatlarda foydalaniladigan bolta ishlatilganini ma’lum qilgan.
Mojaro vaqtida samolyot taxminan 10 ming metr balandlikdan qisqa vaqt ichida 5 ming metr atrofidagi balandlikkacha keskin pasaygan. Jarohatlangan kapitan kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari hujum qilgan uchuvchini zararsizlantirishga yordam bergan.
Samolyot bortida bo‘lgan boshqa uchuvchilar boshqaruvni o‘z zimmasiga olib, uni Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga xavfsiz qo‘ndirgan. Hodisa vaqtida havo kemasi avval umumiy favqulodda vaziyatni bildiruvchi 7700, keyin esa noqonuniy aralashuv yoki samolyotni olib qochishga urinishni anglatuvchi 7500 signalini yuborgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Smit Machchxarning harakatlarini yuqori baholab, uni qahramon deb atagan. Uning ta’kidlashicha, uchuvchi jarohatlanganiga qaramay, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining hayotini saqlab qolishga yordam bergan.
Hodisaning sabablari va ehtimoliy maqsadi yuzasidan tergov olib borilmoqda. Flydubai kompaniyasi ham voqea tafsilotlari tekshirilayotganini bildirgan.






























Izohlar 0
…