“Siti” Maza uchun qayta harakat boshladi: "Bayer" 70 million yevro soʻradi

“Manchester Siti” kelasi yoz transfer oynasida yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishni asosiy maqsadlaridan biri qilib qoʻygan. Shu yoʻlda jamoa yana “Bayer”da toʻp tepayotgan Ibrohim Maza nomzodiga qaytgan.
Asli kelib chiqishi jazoirlik boʻlgan futbolchi Germaniyada tugʻilgan va nemis futbol maktabida tarbiyalangan. 20 yoshli ijodkor yarim himoyachi oʻtgan yil yozida ham “Siti” skautlarining eʼtiboriga tushgan edi, biroq oʻsha paytda “Bayer Leverkuzen” barcha raqobatchilarni ortda qoldirib, uni taxminan 12 million yevro evaziga olib qolgan.
Endilikda “Manchester Siti” uni qoʻlga kiritish uchun yana harakatni kuchaytirmoqda. Biroq “Bayer” oʻz yosh yulduzini qoʻyib yuborish niyatida emas va muzokaralarni juda qiyinlashtirmoqda.
Xabarlarga koʻra, nemis klubi Maza uchun taxminan 70 million yevro talab qilmoqda. Ilgari “Atletiko Madrid”ning 35 millionlik taklifi ham rad etilgani bu futbolchi qanchalik yuqori baholanayotganini koʻrsatadi.
Maza “Bayer”dagi debyut mavsumida 38 uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 6 ta golli uzatma bilan qatnashdi. Uning eng yorqin lahzasi esa “Manchester Siti”ga qarshi Chempionlar ligasidagi gʻalaba oʻyinida berilgan assist hisoblanadi.
Futbolchi oʻsha vaziyatni eslab, bu oʻyin uning uchun alohida ahamiyatga ega boʻlganini taʼkidlagan. Bu esa “Siti” qiziqishini yanada oshirgan.
Hozircha ingliz klubi faqat Maza bilan cheklanib qolmayapti — Sandro Tonali, Kennet Ayxorn, Elliot Anderson va Mateush Fernandesh kabi nomzodlar ham kuzatuvda turibdi. Ammo asosiy eʼtibor hali ham Mazada qolmoqda.