Taniqli mutaxassis milliy terma jamoamizning o‘yinini tahlil qildi...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi xalqaro “FIFA Series” turnirida buyuk yutuqqa erishdi. Hal qiluvchi bahs “Bunyodkor” stadionida Venesuela termasiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Asosiy vaqtda hisob ochilmadi, ammo penaltilar seriyasida 5:4 hisobida Fabio Kannavaro shogirdlari g‘alaba qozonib, musobaqa g‘olibiga aylandilar. Bu esa milliy jamoamiz uchun yana bir tarixiy dam bo‘ldi.
Taniqli mutaxassislarimizdan Islom Ahmedov terma jamoamizning Venesuelaga qarshi o‘tkazgan o‘yinini batafsil tahlil qildi. Uning fikricha, bunday o‘yin strategiyasida har bir futbolchi maydondagi vazifasini aniq bilishi va tezkor harakat qilishi shart.
Ahmedov taʼkidladiki, raqib hujumga o‘tganida jamoamiz faol pressing qo‘llab, raqibni xato qilishga majbur qiladi. Agar raqib to‘pni nazorat qilsa, pozitsion himoyaga o‘tish va to‘pni olib qo‘ygach tezkor hujum tashkil qilish talab etiladi. Jamoamiz to‘pga egalik qilganda esa qanot o‘yinchilaridan foydalanib, to‘pni oldinga vertikal uzatish va uchinchi zonada individual harakatlar bilan hujumni yakunlash muhim.
“Bunday uslubda o‘ynash juda qiyin, ammo murabbiyimiz jamoani jahon chempionatiga tayyorlayotganini anglash mumkin”, – deydi Ahmedov. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar ushbu rejani tushunishda ajoyib harakat qildi va maydonda barcha ko‘rsatmalarni bajarishga harakat qildi.
"Murabbiy o‘zining so‘nggi intervyularidan birida Superliga jamoalarining chempionat darajasidan xavotirlanayotganini aytgan edi. Venesuela bilan o‘yinni tomosha qilgach, u har bir futbolchi va jamoaning umumiy o‘yinida nimani ko‘rishni istayotganini ko‘rdim. Uning xavotirini juda yaxshi tushunaman”, – deydi Ahmedov.
Turnir yakunlangach, futbolchilar o‘z klublariga qaytib, ushbu rejimda va talablarda ishlashni davom ettirishi murabbiy uchun eng asosiy savolga aylanadi. Bu esa terma jamoamizning kelajakda ham yuqori natijalarga erishish imkoniyati haqida umid beradi.
Muxlislar uchun bu g‘alaba nafaqat quvonch, balki O‘zbekiston futbolining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ramzi bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!