Grilish yana diqqat markazda, bardagi holati muxlislarni hayratga soldi

«Manchester Siti»ga tegishli boʻlgan va hozirda ijara asosida «Everton» safida toʻp surayotgan Jek Grilish yana bir bor jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Bu safar u maydondagi oʻyini bilan emas, balki maydon tashqarisidagi holati bilan muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
The Sun nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, futbolchi Manchesterdagi barlardan birida doʻstlari bilan dam olayotgan paytda kutilmagan holatga duch kelgan. Guvohlarning aytishicha, Grilish bar tomida uxlab qolgan va uni uygʻotish uchun doʻstlari ancha uringan. Bu holatga esa koʻp miqdorda alkogol isteʼmoli sabab boʻlgani taʼkidlanmoqda.
Maʼlum qilinishicha, operatsiyadan keyin tiklanish jarayonini boshdan kechirayotgan futbolchi katta ehtimol bilan mavsumning qolgan qismini oʻtkazib yuboradi. Shuningdek, u Angliya terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionati uchun tarkibiga kirmasligi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, mart oyida Grilish ijtimoiy tarmoqlar orqali tiklanish jarayoni haqida maʼlumot berib, yanada kuchli holatda qaytish uchun ish olib borayotganini aytgan edi. Oʻshanda u gipsdan maxsus himoya botinkasiga oʻtgan va harakatlanish uchun maxsus skuterdan foydalangan.
Biroq reabilitatsiyaga qaramay, u turli tadbirlarda ham koʻrinish bermoqda. Jumladan, «Everton» darvozaboni Jordan Pikford bilan birga Rim shahriga safar qilib, doʻstona muhitda bayramlarda ishtirok etgani ham qayd etildi.
Aytish joiz, Grilish avvaldan bazm va kechalarni yaxshi koʻruvchi futbolchi sifatida tanilgan. Uning maydon tashqarisidagi hayoti koʻp bor ommaviy axborot vositalarida muhokama qilingan.
Qisqacha aytganda, Grilish hali tiklanishda, lekin “rejim” masalasi hali ham savol ostida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!