Lukaku dushanba kuni "Napoli" mashg'ulotlariga qaytadi

Belgiya terma jamoasi hujumchisi Romelu Lukaku ruxsatsiz vataniga ketib qolgani uchun "Napoli" rahbariyati tomonidan jarimaga tortildi. Futbolchi mart oyidagi xalqaro tanaffusdan so'ng Italiyaga qaytish o'rniga, jarohatini Belgiyada davolashni afzal ko'rgan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Italiya nashrlarining xabar berishicha, 32 yoshli hujumchi dushanba kuni Neapolga qaytib, mashg'ulotlarga qo'shiladi. Lukaku mart oyi oxiridan beri bosh murabbiy Antonio Konte bilan yuzma-yuz ko'rishmagan va klub shifokorlari nazoratidan qochib, mustaqil ravishda tibbiy yordam olgan.

Klub sport direktori Jovanni Manna futbolchining xatti-harakatidan norozi ekanini yashirmadi. Uning ta'kidlashicha, jamoa manfaati va intizom har qanday shaxsdan ustun turadi.
Lukaku joriy mavsumda jarohatlar sababli bor-yo'g'i 64 daqiqa maydonda harakat qilib, bitta gol urishga erishdi.

Konte ushbu hujumchini "Chelsi"dan 30 million yevro evaziga sotib olishni shaxsan so'ragan edi. Biroq futbolchining o'zboshimchaligi va past natijalari uning jamoadagi kelajagini so'roq ostida qoldirmoqda.
Mavsum yakunlanishiga beshta o'yin qolganida Lukaku tarkibga qaytishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!