date

«Manchester Yunayted» "Liverpul"ni yengib, tarixiy gʻalabaga erishdi

«Manchester Yunayted» "Liverpul"ni yengib, tarixiy gʻalabaga erishdi

Angliya Premer-ligasining 35-turidagi eng markaziy va kutilgan toʻqnashuv — ingliz futbolidagi mashhur «klasiko»da «Manchester Yunayted» oʻz maydonida «Liverpul»ni magʻlub etdi. «Old Trafford»da kechgan dramatik bellashuv muxlislarga haqiqiy futbol spektaklini taqdim etdi.

Uchrashuv juda tezkor surʼatda boshlandi. Mezbonlar ilk daqiqalardanoq tashabbusni qoʻlga olib, 6-daqiqada Kunya orqali hisobni ochishga muvaffaq boʻlishdi. Oradan koʻp oʻtmay, 14-daqiqada Sheshko hisobdagi ustunlikni mustahkamladi va «Yunayted» raqibni bosim ostida qoldirdi.

Ikkinchi boʻlimda «Liverpul» oʻyinga qaytadi. Avvaliga Soboslai 47-daqiqada hisobni qisqartirdi, ortidan esa 56-daqiqada Gakpo tenglikni tikladi. Shu tariqa, bellashuv yanada keskin tus oldi va intriga yana avjiga chiqdi.

Biroq soʻnggi soʻzni mezbonlar aytishdi. 77-daqiqada yosh iqtidor egasi Maynu hal qiluvchi golni kiritib, jamoasiga gʻalaba keltirdi. Qolgan daqiqalarda «Yunayted» himoyasi ishonchli oʻyin namoyish etib, ustunlikni saqlab qoldi.

Eʼtiborlisi, mankunianliklar 10 yillik tanaffusdan soʻng oʻz azaliy raqibi «Liverpul»ni bir mavsumda ikki marta magʻlub etishga muvaffaq boʻldi. Bundan avval bunday natijani 2015/16 yilgi mavsumda Lui van Gal qoʻl ostidagi jamoa qayd etgan edi.

APL. 35-tur
Manchester Yunayted — Liverpul 3:2
3 may, «Old Trafford»
Gollar: Kunya (6), Sheshko (14), Maynu (77) — Soboslai (47), Gakpo (56).
Manchester Yunayted — Lammens, Dalot, Maguayr, Heven, Shou, Kazemiro, Maynu, Fernandesh (Yoro, 90+6), Kunya (Zirkze, 87), Mbeumo (Dorgu, 75), Sheshko (Diallo, 46).
Liverpul — Vudman, van Deyk, Konate (Kiyeza, 87), Frimpong (Ngumoha, 75), Robertson (Kerkez, 59), Gravenberh, Soboslai, Mak Allister, Jons, Gakpo, Virts.
Ogohlantirishlar: Shou (49), Jons (75), Fernandesh (81), Gakpo (85).

Bu gʻalaba «Manchester Yunayted» uchun juda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Jamoa ochkolarini 64 taga yetkazib, turnir jadvalida 3-oʻrinni mustahkamladi va ikki yillik tanaffusdan soʻng Chempionlar Ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

«Liverpul» esa 58 ochko bilan 4-pogʻonada qolmoqda va keyingi turlarda oʻz oʻrnini saqlab qolish uchun jiddiy kurash olib borishiga toʻgʻri keladi.

Qisqacha aytganda, «Old Trafford»dagi bu derbi nafaqat natija, balki emotsiyalar, intriga va tarixiy ahamiyati bilan uzoq vaqt esda qoladigan oʻyinlardan biriga aylandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «Manchester Yunayted» "Liverpul"ni yengib, tarixiy gʻalabaga erishdi