Milan inqiroz yoqasida: Massimiliano Allegri jamoa bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi

A Seriyaning so‘nggi turida Sassuolo klubidan uchralgan 2:0 hisobidagi mag‘lubiyat Milan jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoa turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda, biroq Yuventus va Roma klublari ularni yaqindan ta’qib qilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bosh murabbiy Massimiliano Allegri Milanello qarorgohida futbolchilar bilan keskin ruhdagi yig‘ilish o‘tkazdi. Murabbiy jamoaning so‘nggi o‘yinlardagi sustkashligidan noroziligini bildirib, futbolchilardan mavsum yakuniga qadar mas’uliyatni his qilishni va o‘z o‘yinlarini tubdan o‘zgartirishni talab qildi.
Allegri o‘z nutqida 10 oy davomida qilingan mehnatni eslatib, jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun barcha birdek javobgar ekanligini ta’kidladi. U futbolchilardan nafaqat taktik jihatdan, balki klub nufuzi va muxlislar ishonchini oqlash uchun maydonda bor kuchini sarflashni so‘radi.
Oldinda qolgan Atalanta, Jenoa va Kalyari klublariga qarshi o‘yinlar Milan uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar jamoa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa, yozgi transferlar oynasida klub tarkibida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!