Cristiano Ronaldo Jr Yevropaga qaytishni istamoqda

Cristiano Ronaldo Jr otasi bilan birga Al-Nassr safida to‘p surish o‘rniga Yevropa futboliga qaytishni maqsad qilgan. 15 yoshli iqtidorli futbolchi o‘z professional faoliyatini Yaqin Sharqdan tashqarida, Yevropaning nufuzli akademiyalaridan birida davom ettirmoqchi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Xabarlarga ko‘ra, Real Madrid, Bavariya va PSJ klublari yosh futbolchiga qiziqish bildirmoqda. Ayniqsa, otasining izidan borib, Madridga qaytish varianti eng real ssenariy sifatida qaralmoqda. Ronaldo Jr mart oyida Real Madridning U-16 jamoasi bilan mashg‘ulotlarda qatnashgani bu mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.
Garchi muxlislar ota va o‘g‘ilni bir jamoada ko‘rishni orzu qilishsa-da, yosh futbolchi o‘z mahoratini Yevropaning yuqori raqobat muhitida charxlashni afzal ko‘rmoqda. Uning asosiy maqsadi — otasi kabi katta sahnada o‘zini ko‘rsatish va bosqichma-bosqich rivojlanishdir.
Ronaldo Jr yoshlar darajasida ajoyib statistika qayd etib kelmoqda. U Yuventus akademiyasida ham, Al-Nassr yoshlar jamoasida ham sermahsul o‘yinlari bilan e’tiborni tortgan. Shuningdek, u Portugaliya yoshlar terma jamoasi safida ham muvaffaqiyatli to‘p surib, o‘z salohiyatini isbotlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!