date

Infantino jahon chempionati chiptalari narxi haqida hazil qildi

FIFA prezidenti Janni Infantino 2026 yilgi jahon chempionati chiptalari narxi atrofidagi tanqidlarga o‘ziga xos hazilomuz munosabat bildirdi. So‘nggi kunlarda turnir o‘yinlari uchun joriy etilgan yangi VIP toifadagi chiptalar narxi 2300 dollargacha yetishi mumkinligi haqidagi xabarlar muxlislar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Gianni Infantino Beverli-Hillzda bo‘lib o‘tgan anjumanda bu mavzuda fikr bildirib, hazil aralash shunday dedi:

— Agar kimdir final uchun ikki million dollarlik chipta sotib olsa, men unga shaxsan o‘zim xot-dog va kola olib kelaman. Faqat u o‘yindan yaxshi zavq olsin, — dedi FIFA rahbari.

Uning ta’kidlashicha, tashkilot bozor qoidalarini inobatga olishga majbur.

— Biz dunyodagi eng rivojlangan ko‘ngilochar bozorlardan biri bo‘lgan mamlakatda ishlayapmiz. Shuning uchun bozor narxlari bilan hisoblashishimiz kerak. AQSHda chiptalarni qayta sotishga ham rasman ruxsat berilgan. Agar biz narxlarni juda past qo‘ysak, keyin ular ikkinchi bozorda yanada qimmatroq narxlarda sotiladi, — dedi Infantino.

FIFA prezidentining aytishicha, ayrim muxlislar narxlardan norozi bo‘layotganiga qaramay, qayta sotish platformalarida chiptalar qiymati ikki baravargacha oshib ketishi mumkin.

Shu bilan birga, u barcha chiptalar juda qimmat emasligini ham ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, guruh bosqichi uchun ajratilgan chiptalarning qariyb 25 foizi 300 dollardan kamroq narxda sotuvga chiqariladi.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, hozirning o‘zidayoq 2026 yilgi jahon chempionati chiptalari uchun 500 milliondan ortiq ariza kelib tushgan. Bu avvalgi ikki mundial bilan solishtirilganda juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Chunki avvalgi jahon chempionatlarida arizalar soni taxminan 50 million atrofida bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu tarixdagi eng yirik mundiallardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Infantino jahon chempionati chiptalari narxi haqida hazil qildi