date

Xabi Alonso APLda ishlashga tayyor turibdi...

“Real Madrid” sobiq bosh murabbiyi Xabi Alonso faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishga tayyor. Jurnalist Fabritsio Romanoning xabar berishicha, ispaniyalik mutaxassis APL klublari bilan muzokaralar o‘tkazgan va yangi chaqiriqni qabul qilishga ochiq turibdi.

Ma’lum qilinishicha, Alonso bilan qiziqqan klublar orasida “Chelsi” ham bor. London klubi vakillari ispaniyalik murabbiy bilan bir necha bor muloqot qilgan. Bu esa “ko‘klar” rahbariyati yangi bosh murabbiy masalasida Alonso nomzodini jiddiy ko‘rib chiqayotganini ko‘rsatadi.

Biroq Xabi Alonso “Chelsi” uchun yagona nomzod emas. Manbaga ko‘ra, londonliklar ro‘yxatida “Bornmut” bosh murabbiyi Andoni Iraola ham bor. Hozircha klub rahbariyati yakuniy qaror qabul qilmagan va bir nechta variant ustida ish olib bormoqda.

Alonso uchun APLda ishlash katta sinov bo‘lishi mumkin. Angliya chempionati yuqori sur’at, kuchli raqobat va har bir o‘yinda katta bosim bilan ajralib turadi. Bu yerda murabbiydan faqat taktika emas, balki tez moslashish, kiyinish xonasini boshqarish va natijani qisqa vaqt ichida ko‘rsatish talab qilinadi.

Ma’lumot uchun, Xabi Alonso 2025 yil yozidan 2026 yil yanvar oyiga qadar “Real Madrid”ni boshqargan. U “qaymoqranglilar” Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga mag‘lub bo‘lganidan keyin lavozimidan ketgan.

“Real”dagi qisqa davr Alonso uchun murakkab kechdi. Katta klubdagi bosim, yuqori talablar va natijalarga bo‘lgan doimiy ehtiyoj uning faoliyatida jiddiy tajriba bo‘ldi. Endi esa u yangi muhitda, xususan, APLda o‘zini qayta ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“Chelsi” uchun ham bu qaror juda muhim. Klub so‘nggi mavsumlarda barqarorlik izlayapti, tarkibda iqtidorli futbolchilar ko‘p, ammo ularni yagona tizimga birlashtiradigan murabbiy kerak. Alonso aynan shunday loyiha uchun qiziq nomzod bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Iraola varianti ham bejiz emas. U “Bornmut”dagi ishi bilan o‘zini ko‘rsata oldi va APL muhitini yaxshi biladi. Shu bois “Chelsi” rahbariyati romantik nom emas, to‘g‘ri qaror tanlashga harakat qilmoqda.

Qisqasi, Xabi Alonso APLga yo‘l olishi mumkin. “Chelsi” esa hali o‘ylanmoqda. Londondagi qaror shoshilinch bo‘lmasligi aniq, chunki bu tanlov faqat keyingi mavsum emas, klubning butun yo‘nalishiga ta’sir qilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Xabi Alonso APLda ishlashga tayyor turibdi...