O‘zbekiston U-20 CAFA musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritdi

Jamoliddin Rahmatullayev boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoasi “CAFA U-20 Championship” musobaqasida yorqin ishtirokini chempionlik bilan yakunladi. Vakillarimiz Turkmanistonga qarshi hal qiluvchi ahamiyatga ega uchrashuvda 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqa g‘olibligini rasman ta’minladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston yoshlari maydonda ishonchli va tartibli harakat qildi. Jamoa o‘yin boshidanoq tashabbusni qo‘lga olishga intildi va raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Bahsning asosiy qahramoni “Lokomotiv” futbolchisi Quvonchbek Abrayev bo‘ldi. U 15-daqiqada hisobni ochib, jamoamizni oldinga olib chiqdi. 40-daqiqada esa yana bir bor raqib darvozasiga yo‘l topib, dublni rasmiylashtirdi. Shu tariqa, birinchi bo‘limdayoq O‘zbekiston U-20 termasi g‘alaba uchun mustahkam asos yaratib oldi.
Ikkinchi bo‘limda ham vakillarimiz o‘yin nazoratini qo‘ldan bermadi. Himoyada xotirjamlik, markazda tartib va hujumda faollik saqlab qolindi. Turkmaniston termasi hisobni qisqartirishga uringan bo‘lsa-da, O‘zbekiston himoyasi ishonchli harakat qildi.
Shu tariqa, jamoamiz musobaqada 4 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi. Vakillarimiz raqiblar darvozasiga jami 10 ta gol urishga erishdi. Eng quvonarli jihati — O‘zbekiston U-20 terma jamoasi butun musobaqa davomida o‘z darvozasidan birorta ham to‘p olib chiqmadi.
Bu natija yoshlarimiz nafaqat hujumda, balki himoyada ham yuqori darajada tayyor ekanini ko‘rsatdi. Gol urish yaxshi, ammo butun turnirni “quruq” o‘tkazish — alohida klass.
Qisqasi, O‘zbekiston U-20 terma jamoasi CAFA musobaqasida mutlaq ustunlik namoyish etdi. 4 o‘yin, 4 g‘alaba, 10 ta gol va nol o‘tkazib yuborilgan to‘p — bu chempionga xos natija. Yoshlarimiz yana bir bor kelajakka ishonch borligini isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!