Kazemiro: Neymar 2026-yilgi Jahon chempionatida Braziliyaning asosiy yulduzi boʻladi

Manchester Yunayted yarim himoyachisi Kazemiro oʻzining terma jamoadagi koʻp yillik sherigi Neymar himoyasiga chiqdi. Uning taʼkidlashicha, hujumchi yangi jarohat olganiga qaramay, Braziliya terma jamoasining Jahon chempionatidagi maqsadlari uchun hamon oʻta muhim figura boʻlib qolmoqda. Selecao tarixidagi eng yaxshi toʻpurarning sogʻligʻi borasidagi xavotirlarga qaramay, Kazemiro uning jahon arenasida oʻz soʻzini ayta olishiga ishonadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Teresopolisdagi yigʻin davomida Kazemiro jurnalistlarning Neymar borasidagi savollariga javob berdi. Hozirda oʻng oyogʻidagi mushak jarohati tufayli safdan chiqqan hujumchi borasida gapirar ekan, yarim himoyachi shunday dedi: "Albatta, hech bir futbolchi jarohat olishni yoqtirmaydi, lekin umid qilamanki, u maydonga tushish uchun yetarli darajada sogʻlom boʻladi. Bizga hamma kerak, ayniqsa Neymar. Biz barcha oʻyinchilarning safga qaytishini intizorlik bilan kutyapmiz".
Neymarning jamoadagi yetakchilik roli tugayotgani haqidagi gap-soʻzlarga Kazemiro keskin munosabat bildirdi. U besh karra jahon chempionlari safida hujumchi endi markaziy figura boʻla olmasligi haqidagi fikrlarni rad etdi. "Uning sifatlarini hammamiz bilamiz. Avval sogʻligʻini tiklab, mashgʻulotlarga qaytishi kerak, keyin esa yetakchilik haqida oʻylash mumkin. U hamon jamoaning asosiy qahramoni boʻlishga qodir", — deya qoʻshimcha qildi u.
Tibbiy xulosalarga koʻra, Neymar Panama va Misrga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlarini oʻtkazib yuboradi. Asosiy xavotir 13-iyun kuni Nyu-Jersida Marokashga qarshi boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatining ochilish oʻyini bilan bogʻliq. Braziliya tibbiy shtabi 34 yoshli yulduzni kamida zaxira oʻrindigʻida boʻlishini taʼminlash uchun kecha-yu kunduz ishlamoqda.
Braziliya terma jamoasi oxirgi ikki turnirdagi chorak finaldagi muvaffaqiyatsizliklardan soʻng, Shimoliy Amerikada oʻzini koʻrsatishga qaror qilgan. Selecao 1994-yilda AQSH mezbonlik qilgan mundialda chempionlikni qoʻlga kiritgan edi va bu safar ham oʻsha tarixiy natijani takrorlashni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!