Futbol muxlisi O‘zbekiston terma jamoasi ko‘rsatayotgan o‘yinlar bo‘yicha mulohazalarini bildirdi deb yozadi Kun nashri.
Tribuna.uz’ning “Instagram” sahifasida milliy terma jamoamiz sardori Odil Ahmedovning jurnalist savollariga bergan javobini o‘qib, hayron qoldim. Maqola ostiga o‘z fikrlarimni qoldirdim, ne ajabki, ma’lum vaqtdan so‘ng men qoldirgan sharhlar o‘chirib tashlanibdi. Hayron qoldim va o‘sha erda qoldirgan muxtasar fikrlarimni kengaytirib, yana sizlar bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.
Birinchi e’tiborimni tortgan narsa Odil Ahmedov Suriya bilan bo‘lgan o‘yinda toshloq maydonda o‘ynashgani va havoni noqulay ekanligini “bahona” qilgani.
Yuqorida aytib o‘tilgan suhbatda bildirilgan fikrlar, kimsan Odil Ahmedovga umuman yarashmaganligi nafaqat men, balki ko‘p sonli muxlislar e’tirof etishdi. MTJ sardoriga hurmatimni izhor qilgan holda o‘z qarashlarim bilan o‘rtoqlashsam.
Kezi kelganda aytib o‘tish joiz, men va men kabi juda ko‘pchilik muxlislar farzandlarimiz Ahmedov kabi mashhur, omadli, qobiliyatli, mehnatsevar va vatanparvar (Suriya bilan bo‘lgan o‘yin va jurnalist bilan bo‘lgan suhbat bundan mustasno) bo‘lishini orzu qilamiz. Odil Ahmedov darajasiga etish yuzlab, minglab va millionlab yoshlar va ota-onalarning orzusi.
Zotan, shunday mavq’ega ega bo‘lgan jamoa sardori o‘ziga yarashadigan gaplarni gapirsa obro‘siga obro‘, hurmatiga hurmat qo‘shiladi.
Biz muxlislar ham juda yaxshi tushunamizki, har qanday kuchli jamoa ham ma’lum o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchrab turadi, bunga tarixdan misollar ko‘p, uzoqqa bormasdan “Barselona” klubining Evropa chempionlar ligasidagi kutilmagan natijalari-yu, Braziliyani jahon chempionatidagi ahvolini keltirish etarli. Yoki Angliya Primer-ligasida chempion jamoa o‘z maydonida autsayder jamoaga mag‘lubiyatga uchrab turishi o‘ta oddiy hol.
Binobarin, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Braziliya ham, “Barselona” ham emas. Bu bizning terma jamoa va har qanday holatda ham biz MTJni sevamiz va qo‘llab-quvatlaymiz, shaxsiy fikrlarimga savol bera olish imkoniyatidaman.
Demak boshladik: stadion
Odil Ahmedovning aytishicha, stadion toshloq va notekis bo‘lgan. Ana o‘sha alamli va kutilmagan mag‘lubiyatni bevosita stadiondan kuzatish baxtiga muyassar bo‘lgan kam sonli muxlislardan biri sifatida va Malayziyada 7 yildan beri yashashimni hisobga olib, aniq ayta olamanki, sardorimizning bu javoblari o‘zlariga umuman yarashmapti.
Hammamizga ma’lum, Suriyadagi siyosiy notinchlik tufayli ushbu terma jamoa uy o‘yinlarini Malayziyada o‘tkazayapti. Agar adashmasam Malayziya tomoni Suriyadan o‘yinlar uchun umuman haq olmayapti yoki minimal miqdorda olyapti, yordam tariqasida. Sababi — agar hukumatlar yoki futbol federasiyalari kelishuvi dunyo standartlari darajasida bo‘lganda va Suriya tomoni xalqaro standartlar bo‘yicha ijara haqi to‘laganida o‘yinlar Malayziyadagi eng yaxshi stadionlardan birida bo‘lgan bo‘lar edi: Bukit Jalil Neyshnl Steydiyum, Shah Alam Steydiyum, Steydiyum Merdeka kabi.
Aslida Malayziya tomoni anu shu stadionlardan birini bersa ham ko‘p narsa yo‘qotmas edi, endi bunisi bizga bog‘liq bo‘lmagan masala.
Bilishimcha, Suriya avvalgi o‘yinlardan birini Seremban (Tuanku Abdurrahman Steydiyum) shahridagi mahalliy stadionda o‘tkazdi. 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan o‘yin haqiqatdan juda noqulay ob-havo sharoitida o‘tdi. O‘yin vaqtida juda kuchli yomg‘ir yog‘di (Malayziyada bu normal holat) va stadionni sifati ham yaxshi emasligidan kam sonli muxlislar “loy jangi”ga guvoh bo‘lishdi. Qiziquvchilar Youtube’dan qidirib ko‘rishsa bo‘ladi. O‘yin durang natija bilan tugadi va bu biz uchun ayni muddao edi.
Endi Suriya - O‘zbekiston o‘yiniga qaytsak
Aslida, bu o‘yin ham aynan Seremban shahrida bo‘lishi kerak edi, o‘yin chiptasi bunga guvohlik beradi (O‘g‘lim esdalik uchun saqlab qo‘ydi).
Adashmasam avvalgi o‘yinni ko‘rgan mutaxassislar maydon sifatidan qanoat hosil qilishmagan va Malayziya futbol ittifoqidan boshqa sifatliroq stadion berishni so‘rashgan. Ne ajabki, o‘yin Kuala Lumpur shahrida va atrofida joylashga eng sifatli stadionlar qolib poytaxtdan 100 km chaqirim uzoqda joylashgan tarixiy shahar Melakka (Hang Jebat Steydiyum) ko‘chirilgan.
40 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadionning VIP sektoridan o‘yinni tomosha qilgan muxlis sifatida shuni aytishim mumkinki, o‘sha kungi mag‘lubiyatda na stadion chimining sifati, na ob-havoning ta’siri bo‘ldi.
Shunchaki, MTJ a’zolarida shijoat, ishtiyoq, g‘ayrat, yaratuvchanlik, vatanparvarlik, jamoaviy o‘yin va taktika (uning-ku umuman bo‘lganiga shubham bor), etishmadi.
Aksincha, Suriya terma jamoasi ancha mazmunli o‘yin namoyish qildi va haqli (biz uchun alamli) g‘alabaga erishdi.
Gohida inson o‘z kamchiligini va raqib ustunligini tan olishni ham bilishi kerak, o‘ziga yarashmaydigan bahona qidirmasdan. Yana bir qiziq holat, agar bizning jamoa toshloq stadionda o‘ynagan bo‘lsa, nima Suriya yumshoq, gilamli stadionda gol urdimi?
Ob-havo
Bilamiz Janubiy Sharqiy Osiyo davlatlari ob-havosi bizning jannatmonand o‘lkamiz havosiga yoki Turkiya so‘lim go‘shalariga aslo tenglasha olmaydi. U erda to‘p tepish ancha murakkab. Lekin insof bilan aytganda 23 mart kungi ob-havo Malayziya sharoitida bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng zo‘r havodir va bundan ortig‘ini kutib bo‘lmaydi.
Osiyo davlatlarida ob-havo noqulay, namlik yuqori, dim, lekin shu erda ham sport musobaqalari o‘tkaziladi, minglab yoshlar sport bilan shug‘ullanadi va qaysidir darajada muvaffaqiyatga erishib kelishmoqda.
“Johor Darul Tazim jamoasi” Osiyo futbol konfederasiyasi kubogini 2015 yilda qo‘lga kiritdi. Bizning MTJ bitta o‘yinni shunday shariotda o‘tkazgan bo‘lsa ular mavsum davomida shu erda o‘ynab, shu yutuqqa erishishdi. Fikri ojizimcha, bu omil mag‘lubiyat uchun asos bo‘la olmaydi.
Rahmatli qiziqchimiz Hojiboy Tojiboyev dehqonlar haqidagi hajviyasida aytganidek, natija yomon bo‘lsa “ob-havo noqulay kelganligi sababli...” deya bahona topish Odil Ahmedovdek o‘yinchi darajasiga umuman mos emas.
Taktika
Bu haqida yaxshisi mutaxassislar bosh qotirishsin, lekin oddiy muxlis sifatida aytishim mumkinki, 23 mart kuni o‘yinchilar ham murabbiylar ham o‘yinga tayyor emas edilar.
Sabablarini ham qidirish niyatim yo‘q, balki bilmasman. Maqola tanqidiy xarakterga ham ega emas, shu sabab voqea tafsilotlarini o‘rganish, tahlil qilish va echim topishni mas’ul insonlarga qoldiramiz. Muxlislar nomidan shuni aytishim mumkinki, shu ishning etagini tutgandan keyin, bola-chaqa shu mehnat bilan boqilgandan keyin, ro‘zg‘or to‘p tepish orqasidan but bo‘lgandan keyin, chin dildan o‘ynash kerak-da, bahona qilmasdan.
Vatan sha’ni va millat g‘ururi uchun 90 daqiqa “toshloq” maydonda, issiq havoda to‘p tepib bera olishmasa nima qilishadi MTJ libosini kiyib?! Bu birgina Odil Ahmedovga emas, barcha o‘yinchilarga tegishli.
Yana qaytarib aytaman, Odil Ahmedovni o‘yinchi sifatida, MTJ sardori sifatida va inson sifatida juda hurmat qilaman. O‘ylaymanki, u hali mazmunli o‘yinlari bilan muxlislarni ko‘p xursand qiladi va bundan-da yuqori mavqe’ga erishadi.
Yuqorida oddiy jonkuyar muxlis sifatida shaxsiy fikrlarimni bildirdim va, albatta, shaxsiy qarashlarim kimgadir ma’qul bo‘lmasligi mumkin. Fikrlar xilma-xilligi taraqqiyot sari etaklasa ne ajab.
Hurmat bilan,
Malayziyadan Ikrom Rixsiboyev. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”