Real Madrid Chelsi himoyachisi Mark Kukurelyani 52 million funtga sotib oldi

Ispaniyaning Real Madrid klubi Chelsi himoyachisi Mark Kukurelya transferini rasman yakunladi. 52 million funt sterling (taxminan 60 million yevro) evaziga amalga oshirilgan ushbu kelashuv Madrid klubiga qaytgan bosh murabbiy Joze Mourinyo davridagi ilk yirik xarid boʻldi. Ispaniya terma jamoasi aʼzosi Angliya Premer-ligasidagi besh yillik faoliyatidan soʻng yana oʻz vataniga qaytmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Joze Mourinyo Bernabeu stadioni boshqaruviga qaytgach, chap qanot himoyasini kuchaytirishni oʻzining ustuvor vazifasi deb belgilagan edi. 26 yoshli futbolchining transferi soʻnggi ikki mavsumda yirik sovrinlarsiz qolgan "qirollik klubi"ning tarkibni jiddiy yangilash niyatida ekanidan dalolat beradi. Guardian nashri xabariga koʻra, ushbu investitsiya Mourinyoning yangi himoya chizigʻini shakllantirishda muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.
Uzoq muddatli shartnoma va yangi loyiha
Real Madrid rahbariyati ispaniyalik himoyachi bilan uzoq muddatli hamkorlikni koʻzlamoqda. Klub rasmiy bayonotida Mark Kukurelya bilan 2032-yilning 30-iyuniga qadar amal qiladigan olti yillik shartnoma imzolangani tasdiqlandi. 2024-yilgi Yevropa chempioni hisoblangan futbolchi ayni damda oʻz terma jamoasi ixtiyorida boʻlib, xalqaro turnir yakunlangach, darhol yangi jamoasi safiga borib qoʻshiladi.Chelsi klubi ham oʻz navbatida futbolchining ketishini tasdiqladi va unga minnatdorchilik bildirdi. Londonliklar bayonotida Kukurelyaning 2022-yilda Braytondan kelib qoʻshilgani, jamoa bilan birgalikda UEFA Konferensiyalar ligasi va Klublar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqqani alohida taʼkidlangan. Stamford Bridjdagi faoliyati davomida u jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylanishga muvaffaq boʻldi.
Transfer ortidagi sabablar va ziddiyatlar
Garchi Kukurelya maydonda yaxshi natijalar koʻrsatgan boʻlsa-da, uning Chelsi rahbariyati bilan munosabatlari soʻnggi oylarda ancha sovuqlashgan edi. Futbolchi klubning rivojlanish yoʻnalishini ochiqchasiga tanqid qilib, jamoaning Chempionlar ligasidan PSJga magʻlub boʻlib chiqib ketishini "tajribasizlik" oqibati deb atagan edi. Shuningdek, u Enzo Mareskaning jamoadan ketishi borasidagi qarordan ham noroziligini yashirmagan.Qizigʻi shundaki, Mark Kukurelya avvalroq oʻzining tarbiyalangan klubi Barselona taklifini rad etish qiyin boʻlishini aytgan edi. Biroq, Joze Mourinyoning shaxsan oʻzi uni oʻz loyihasida koʻrmoqchi boʻlgani va Real Madridning qatʼiy harakatlari transferning aynan Madrid foydasiga hal boʻlishiga sabab boʻldi. Endilikda ispaniyalik himoyachi "qaymoqranglilar" tarkibida yangi davrni boshlaydi.






























Izohlar 0
…