“K” guruhi: eng kuchli futbolchilardan iborat ramziy jamoa bilan tanishing

“K” guruhi: eng kuchli futbolchilardan iborat ramziy jamoa bilan tanishing

2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etayotgan “K” guruhi turnirning eng qiziq va raqobatbardosh kvartetlaridan biri sifatida baholanmoqda. Guruhdan Portugaliya, Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi va O‘zbekiston joy olgan.

Futbolga ixtisoslashgan MFutbol nashri ushbu guruh jamoalarining kuchlar nisbatini baholab, eng yaxshi futbolchilardan tuzilgan ramziy tarkibni taqdim etdi. Quvonarlisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham nufuzli futbolchilar qatorida asosiy tarkibdan joy olgan.

Nashr tuzgan kuchlar reytingida Portugaliya birinchi o‘rinni egallagan. Roberto Martines boshchiligidagi jamoaga 4,3 ball berilgan. Portugaliyaning tarkibida Krishtianu Ronaldu, Bernardu Silva, Brunu Fernandesh, Vitinya, Joau Nevesh, Ruben Diash va Joau Kanselu kabi dunyo futboli yulduzlari bor.

Ikkinchi pog‘ona Kolumbiyaga nasib etgan. Janubiy Amerika vakili 3,1 ball bilan baholangan. Kolumbiya tarkibida Luis Dias kabi tezkor va texnik futbolchi borligi jamoaning hujumdagi salohiyatini yanada oshiradi.

Uchinchi o‘rinda Kongo Demokratik Respublikasi qayd etilgan. Afrika jamoasi jismoniy baquvvatligi, tezligi va yakkakurashlardagi ustunligi bilan ajralib turadi. Ushbu jamoani guruhdagi qolgan raqiblardan kuchsiz deb hisoblash katta xato bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi reytingda to‘rtinchi o‘ringa joylashtirilgan va 2,0 ball bilan baholangan. Biroq mundialdagi ilk ishtirok, yuqori motivatsiya va jamoaviy birlik “oq bo‘rilar”ni raqiblar uchun xavfli debyutantga aylantirishi mumkin.

Rasmda guruhning kuchlar reytingi uchun Abduqodir Husanov timsoli tanlangani ham e’tiborli. “Manchester Siti” himoyachisi O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi asosiy yulduzlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

“K” guruhining ramziy jamoasi 4-3-3 taktik tizimi asosida tuzilgan. Darvozabonlikka Portugaliya vakili Diogu Koshta tanlangan. U klub va milliy terma jamoa miqyosidagi barqaror o‘yini, reaksiyasi va oyoqda to‘p bilan ishlay olishi bilan mashhur.

Himoya chizig‘ining o‘ng qanotida Joau Kanselu, markazda Ruben Diash va Abduqodir Husanov, chap qanotda esa Nunu Mendesh joy olgan.

Abduqodir Husanovning Ruben Diash bilan bir himoya chizig‘iga kiritilishi o‘zbek futboli uchun katta e’tirofdir. Qizig‘i, har ikki futbolchi “Manchester Siti” sharafini himoya qiladi. Endi ular klubdosh bo‘lish bilan birga, Jahon chempionati guruh bosqichida raqib sifatida ham to‘qnash kelishi mumkin.

Husanovning tezligi, jismoniy kuchi, yakkakurashlardagi qat’iyati va oldindan vaziyatni his qilish qobiliyati mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda. U guruhdagi ramziy tarkibga kiritilgan O‘zbekistonning yagona futbolchisi bo‘ldi.

Yarim himoya chizig‘i to‘liq Portugaliya vakillaridan tashkil topgan. Unda Brunu Fernandesh, Vitinya va Joau Neveshga joy berilgan.

Brunu Fernandesh o‘yinni tashkil qilish, uzoq masofadan zarba berish va golli vaziyatlar yaratishda muhim futbolchi hisoblanadi. Vitinya to‘p nazorati, pressing ostidagi xotirjamligi va aniq paslari bilan ajralib turadi. Joau Nevesh esa harakatchanligi va maydon markazidagi katta hajmdagi mehnati bilan tanilgan.

Ramziy jamoaning hujum uchligida Kolumbiya yetakchisi Luis Dias hamda Portugaliya yulduzlari Krishtianu Ronaldu va Bernardu Silva joylashtirilgan.

Luis Dias chap qanotda tezligi, driblingi va himoyachilarni birga-bir vaziyatlarda ortda qoldirish qobiliyati bilan xavf tug‘diradi. O‘zbekiston Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda aynan uning harakatlariga alohida e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Hujum markazida Krishtianu Ronaldu joy olgan. Portugaliya sardori katta turnirlardagi ulkan tajribasi, gol urish hissiyoti va hal qiluvchi pallalarda o‘z so‘zini ayta olishi bilan raqiblar uchun hali ham jiddiy xavf hisoblanadi.

O‘ng qanotdagi Bernardu Silva esa texnikasi, to‘pni nazorat qilish qobiliyati va maydondagi kutilmagan qarorlari bilan ajralib turadi. U hujumda ham, yarim himoyada ham samarali harakat qila oladi.

“K” guruhining ramziy tarkibi quyidagicha:

Darvozabon: Diogu Koshta — Portugaliya.

Himoyachilar: Joau Kanselu — Portugaliya, Abduqodir Husanov — O‘zbekiston, Ruben Diash — Portugaliya, Nunu Mendesh — Portugaliya.

Yarim himoyachilar: Brunu Fernandesh — Portugaliya, Vitinya — Portugaliya, Joau Nevesh — Portugaliya.

Hujumchilar: Luis Dias — Kolumbiya, Krishtianu Ronaldu — Portugaliya, Bernardu Silva — Portugaliya.

Ramziy jamoada Portugaliyaning to‘qqiz nafar futbolchisi o‘rin olgani bu termaning guruhdagi asosiy favorit sifatida baholanayotganini ko‘rsatadi. Kolumbiyadan Luis Dias, O‘zbekistondan esa Abduqodir Husanov tarkibga kiritilgan.

Albatta, bunday reyting va ramziy tarkiblar o‘yinlar boshlanishidan oldingi taxminlarga asoslanadi. Jahon chempionatida esa barcha savollarga maydonning o‘zi javob beradi. Futbolda nomlar va reytinglar muhim, ammo natijani jamoaviy harakat, intizom va hal qiluvchi lahzalardagi aniqlik belgilaydi.

O‘zbekiston muxlislari uchun Abduqodir Husanovning Krishtianu Ronaldu, Luis Dias, Bernardu Silva va Brunu Fernandesh kabi mashhur futbolchilar bilan bir ramziy tarkibdan joy olishi katta g‘urur manbaidir.

Endi Husanov va uning jamoadoshlari ushbu e’tirofni maydondagi ishonchli harakatlar bilan mustahkamlashga harakat qiladi. “Oq bo‘rilar” tarixiy mundialda faqat ishtirok etish emas, raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatish va o‘z so‘zini aytishni maqsad qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar