Tailandda bedarak bo‘lgan opa-ukaning o‘limi siriga oydinlik kiritildi

Tailandda bedarak bo‘lgan opa-ukaning o‘limi siriga oydinlik kiritildi
Qisqacha

Tailandda rossiyalik 22 yoshli Diana Nazimova va uning 17 yoshli ukasi Roman Nazimovning o‘limi yuzasidan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 26 iyul kuni Pattayya yaqinidagi Xuay Yay hududida bedarak yo‘qolgan opa-uka mototsiklni o‘g‘irlashga uringan gumonlanuvchilar tomonidan o‘ldirilgan.

Tailandda rossiyalik 22 yoshli Diana Nazimova va uning 17 yoshli ukasi Roman Nazimovning o‘limi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qotillikda gumon qilinayotgan ikki nafar shaxsni qo‘lga olgan. Bu haqda Khaosod nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Diana va Roman joriy yilning 26 iyul kuni tong soat taxminan 04:00 da Pattayya yaqinidagi Xuay Yay hududidagi uyidan Honda mototsiklida yaqin atrofdagi do‘konga yo‘l olgan. Oradan ko‘p o‘tmay ular bilan aloqa uzilgan. Yo‘qolishidan avval Diana onasiga «Shoshilinch» degan xabar yuborib, kimdir ularni kuzatayotganini yozgan. Shuningdek, uning telefoniga noma’lum Bluetooth-treker aniqlangani haqida ogohlantirish kelgan, shundan keyin ikkalasining ham telefoni o‘chib qolgan.

Onasi politsiyaga murojaat qilgach, qidiruv ishlariga politsiya, mahalliy aholi va kinologlar jalb etildi. Kuzatuv kameralari orqali rossiyaliklar ortidan yana bir mototsikl harakatlangani aniqlandi. Keyinchalik ularning Honda mototsiklining ayrim qismlari Chonburi provinsiyasidagi eski qabriston hududidan ko‘milgan holda topildi.

Tergov davomida 43 yoshli Tana («Pong») va 39 yoshli Tongchay («Txong») asosiy gumonlanuvchilar sifatida aniqlandi. Ular 31 iyul kuni qochishga uringan vaqtida ushlangan.

So‘roqda gumonlanuvchilar mototsiklni o‘g‘irlashga uringanini tan olgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Roman qarshilik ko‘rsatganidan keyin otib o‘ldirilgan, Diana esa kaltaklanishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Shundan so‘ng ular jinoyat izlarini yashirish maqsadida jasadlarni Kxao Chi Chan hududiga ko‘mib, mototsiklni ham qismlarga ajratib alohida ko‘mishgan.

Hozirda politsiya tergov harakatlarini davom ettirmoqda. Shuningdek, yana ikki shaxs gumonlanuvchilarga yordam bergan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan so‘roq qilinmoqda, ammo ular barcha ayblovlarni rad etgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar