Neymar mashgʻulotlarga qaytdi: Braziliya terma jamoasi yulduzi jarohatidan tiklanmoqda

Braziliya terma jamoasining yetakchisi va asosiy yulduzi Neymar jarohatidan tiklanish jarayonida muhim qadamni tashladi. Uzoq tanaffusdan soʻng hujumchi ilk bor mashgʻulot maydonida koʻrinish berdi, bu esa "Selesao" muxlislarida katta umid uygʻotmoqda. Futbolchining safga qaytishi turnir oldidan jamoaning ruhiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
ESPN nashri xabariga koʻra, Neymar AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi Morristaun bazasida ilk bor maysali maydonda yakka tartibdagi mashqlarni bajardi. Shu vaqtga qadar u faqat trenajyor zalida tiklanish muolajalari bilan band edi. Oʻng boldir mushagidagi jarohat sababli bir oydan beri maydonga tushmagan hujumchi endilikda yugurish mashqlarini boshlagan.
Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF) futbolchining holati boʻyicha optimistik bayonot berdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Neymar tiklanish jarayonining navbatdagi bosqichiga oʻtgan. Eʼlon qilingan videolavhalarda sobiq Barselona va PSJ yulduzi murabbiylar shtabi nazorati ostida jismoniy yuklamalarni bajarayotganini koʻrish mumkin.
Tiklanish rejasi va guruh bosqichi
Neymar 17-may kuni Santos safida oʻynayotganida ikkinchi darajali mushak jarohatini olgan edi. Shunga qaramay, bosh murabbiy Karlo Anchelotti uni yakuniy qaydnomaga kiritishga qaror qildi. Shifokorlar hozirda futbolchini ehtiyotkorlik bilan tayyorlamoqda, chunki muddatidan oldin katta yuklama berish jarohatning qaytalanishiga sabab boʻlishi mumkin.Braziliya OAVlarining yozishicha, tibbiy shtab uzoq muddatli rejaga amal qilmoqda. Asosiy maqsad — 34 yoshli hujumchini pley-off bosqichiga qadar toʻliq tayyor holatga keltirishdir. Bu esa Neymarning Gaiti va Shotlandiyaga qarshi guruh bosqichidagi qolgan oʻyinlarni oʻtkazib yuborishini anglatadi.
Karlo Anchelotti Neymarning jamoa uchun ahamiyati faqat maydondagi harakatlari bilan cheklanmasligini taʼkidladi. Murabbiyning fikricha, tajribali futbolchining lagerda boʻlishi yosh oʻyinchilar uchun oʻrnak va qoʻshimcha motivatsiya manbaidir. Anchelotti kelasi haftadan boshlab yulduzli hujumchi umumiy guruh mashgʻulotlariga qoʻshilishini kutmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Braziliya terma jamoasi soʻnggi oʻrtoqlik uchrashuvida Marokash bilan 1:1 hisobida durang oʻynagan edi. Oʻsha bahsda Neymar zaxira oʻrindigʻida oʻtirgan boʻlsa-da, oʻyin qaydnomasiga kiritilmagandi. Endilikda butun mamlakat oʻz qahramonining maydonga qaytib, jamoani chempionlik sari yetaklashini kutmoqda.






























Izohlar 0
…