Husanov JCH-2026ning eng qimmat markaziy himoyachilari Top-5ligida!

O‘zbekiston futboli tarixida misli ko‘rilmagan voqelik davom etmoqda. Nufuzli TransferRoom platformasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etayotgan, tashkilot hisob-kitobi bo‘yicha eng qimmat transfer summasiga ega markaziy himoyachilar reytingini e’lon qildi. Quvonarlisi, milliy terma jamoamiz va «Manchester Siti» klubi vakili Abduqodir Husanov dunyoning eng sara yulduzlarini ortda qoldirib, kuchli beshlikdan joy oldi!
Atigi 22 yoshda bo‘lishiga qaramay, ingliz grandi safida ishonchli o‘yinlar ko‘rsatayotgan Husanovning ayni paytdagi bozor qiymati dahshatli 62,2 million yevroni tashkil qilmoqda.
JCH-2026ning eng qimmat 10 markaziy himoyachisi:
E’tiborli jihati, kuchli o‘nlikdan «Manchester Siti»ning naq uch nafar vakili (Gexi, Husanov, Diash) joy olgan bo‘lib, bu klubning mudofaa chizig‘i naqadar qimmatbaho va sifatli ekanidan dalolat beradi.
O‘rin | Futbolchi | Terma jamoasi | Klubi | Transfer qiymati |
1 | Pau Kubarsi (19 yosh) | Ispaniya | «Barselona» | 118 mln € |
2 | Vilyam Saliba | Fransiya | «Arsenal» | 90,5 mln € |
3 | Mark Gexi | Angliya | «Manchester Siti» | 84,6 mln € |
4 | Villian Pacho | Ekvador | PSJ | 69,5 mln € |
5 | Abduqodir Husanov (22 yosh) | O‘zbekiston | «Manchester Siti» | 62,2 mln € |
6 | Luka Vushkovich | Xorvatiya | «Tottenxem» | 59,8 mln € |
7 | Ruben Diash | Portugaliya | «Manchester Siti» | 57,7 mln € |
8 | Gabriel Magalyayns | Braziliya | «Arsenal» | 56,8 mln € |
9 | Dayo Upamekano | Fransiya | «Bavariya» | 56,1 mln € |
10 | Erik Garsiya | Ispaniya | «Barselona» | 55 mln € |
Milliy jamoamizning Mundialdagi tarixiy yo‘li
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Vakillarimiz «K» guruhidagi debyut bahsida kuchli Kolumbiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, shiddatli kurashda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Biroq oldinda guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoluvchi yana ikkita muhim bellashuv turibdi. Hamyurtlarimiz navbatdagi o‘yinlarda ushbu reytingda 7-o‘rinni egallab turgan Ruben Diash yetakchiligidagi Portugaliya hamda Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari bilan kuch sinashadilar.
Abduqodir Husanovning bunday yuqori e’tirof etilishi nafaqat futbolchining o‘ziga, balki butun terma jamoamizga Jahon chempionati o‘yinlarida qo‘shimcha kuch va katta ishonch bag‘ishlashi shubhasiz!































Izohlar 0
…