Arda Guler xalqidan uzr soʻradi: Turkiya Jahon chempionatini muddatidan avval tark etdi

Turkiya milliy terma jamoasining yosh yulduzi va Real Madrid yarim himoyachisi Arda Guler Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokdan soʻng muxlislardan uzr soʻradi. Paragvayga qarshi kechgan bahsdagi 1:0 hisobidagi magʻlubiyat turklarning turnirdagi yurishiga rasman nuqta qoʻydi. Vincenzo Montella shogirdlari guruh bosqichining dastlabki ikki oʻyinida ochko u yoqda tursin, hatto gol urishni ham uddalay olishmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Evro-2024 musobaqasida chorak finalga qadar yetib borib, koʻpchilikning mehrini qozongan "oy-yulduzli" jamoa bu galgi mundialga katta umidlar bilan tashrif buyurgan edi. Biroq kutilmagan omadsizliklar seriyasi jamoani qiyin ahvolga solib qoʻydi. Dastlab Avstraliyadan qabul qilingan 2:0 hisobidagi magʻlubiyat, soʻngra Paragvayga boy berilgan oʻyin Turkiyaning pley-offga chiqish imkoniyatlarini matematik jihatdan yoʻqqa chiqardi.
Uchrashuv yakunlanganidan soʻng 21 yoshli Arda Guler oʻz his-tuygʻularini yashira olmadi. Kenan Yildiz bilan birga Turkiya futbolining yangi avlodi yetakchisi hisoblangan futbolchi TRT Spor nashriga bergan intervyusida jamoaning darajasi kutilganidan ancha past boʻlganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, futbolchilar oʻz klublaridagi nufuziga mos oʻyin koʻrsata olishmagan.
Tarixiy antirekord va samarasiz hujumlar
"Biz juda uyalyapmiz va butun xalqimizdan uzr soʻraymiz. Biz dunyoning eng yirik jamoalarida toʻp suramiz va buni maydonda isbotlashimiz kerak edi. Ikkita oʻyinda bitta ham gol ura olmadik. Milliy jamoadagi faoliyatim davomida ushbu turnirni muxlislar yodidan chiqarish uchun bor kuchimni ishga solaman", — deya taʼkidladi Real Madrid aʼzosi.Goal.com nashri taqdim etgan statistik maʼlumotlar Turkiya terma jamoasining hujumdagi muammolari naqadar jiddiy ekanini koʻrsatmoqda. Ikki uchrashuv davomida turklar raqib darvozasi tomon jami 62 marotaba zarba berishgan, biroq ularning birortasi gol bilan yakunlanmagan. Opta tahlillariga koʻra, bu 1966-yildan beri Jahon chempionatlari tarixida ketma-ket ikki oʻyinda gol urmasdan eng koʻp zarba berish boʻyicha rekord natijadir.
Paragvay bilan bahsda Turkiya 78,5 foiz vaqt davomida toʻpga egalik qildi va 33 ta zarba yoʻlladi. Bunday mutlaq ustunlikka qaramay, darvoza toʻrini larzaga keltirishning imkoni boʻlmadi. Bu kabi samarasizlik jamoaning turnirdan erta chiqib ketishiga asosiy sabab boʻldi.
Garchi guruh bosqichining soʻnggi turida Turkiya AQSH terma jamoasiga qarshi maydonga tushsa-da, bu uchrashuv turnir jadvalidagi holatga taʼsir koʻrsatmaydi. Endilikda jamoaning asosiy maqsadi soʻnggi oʻyinda gʻalaba qozonib, oʻz gʻururini tiklash va muxlislar oldida biroz boʻlsa-da aybini yuvishdan iborat boʻladi.































Izohlar 0
…