Turkiya FF prezidenti: Montellani yo‘l-yo‘lakay uchraganlarga almashtirmaymiz

Turkiya milliy jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining guruh bosqichi 2-turida Paragvayga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, pley-offga chiqish imkoniyatini muddatidan oldin yo‘qotdi. Ushbu kutilmagan muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng bosh murabbiy Vinchenso Montellaga nisbatan tanqidlar kuchaygan bir paytda, Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti Ibrohim Hojiusmono‘g‘li italiyalik mutaxassisni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab chiqdi.
Barqarorlik — muvaffaqiyat garovi
Federatsiya rahbari A Spor telekanaliga bergan intervyusida terma jamoadagi muhit klublardagidan farq qilishini va shoshma-shosharlik bilan murabbiy almashtirilmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, ko‘plab jamoalardagi omadsizliklar aynan tizimli barqarorlikning yo‘qligi sababli kelib chiqadi.
"Biz murabbiyimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu klub emas. Aynan klublardagi barqarorlik yo‘qligi sabab ko‘pincha omadsizliklar yuz beradi. Oxirgi ikki kunda matbuotda turli murabbiylar nomlari tilga olinmoqda, ammo biz bir yo‘lda birga ketayotgan insonni yo‘l-yo‘lakay uchratganlarimizga almashtirmaymiz", — dedi Ibrohim Hojiusmono‘g‘li.
Omadsizlikdan ijobiy xulosa chiqariladi
Hojiusmono‘g‘li futbolda omad omili ham muhim rol o‘ynashini va faqatgina vaziyatlardan foydalana olmaganlik yoki oddiy xatolar uchun murabbiyni ishtiyoqdan mahrum qilish noto‘g‘ri ekanligini bildirdi. U mag‘lubiyatga qaramay, jamoaning kelajagiga ishonishini yashirib o‘tirmadi.
"Murabbiyni taktik jihatdan tanqid qilish mumkin, ammo to‘p ustun yonidan o‘tib ketgani uchun emas. Har qanday salbiy holatda ham ijobiy jihat bor, shuning uchun biz to‘xtab qolmaymiz va oldinga qarab harakat qilamiz", — deya o‘z fikrini yakunladi Turkiya futbol federatsiyasi rahbari.































Izohlar 0
…