Kylian Mbappe Lionel Messi va Cristiano Ronaldoni jahonning eng yaxshi futbolchilari deb atadi

Fransiya terma jamoasi sardori Kylian Mbappe 2026-yilgi jahon chempionati arafasida oʻzining shaxsiy yutuqlari va zamonamizning eng buyuk futbolchilari haqidagi savollarga javob berdi. Real Madrid hujumchisi oʻzini hali ham Lionel Messi va Cristiano Ronaldo darajasiga qoʻymasligini bildirib, ularni futbol olamidagi eng yorqin yulduzlar deb eʼtirof etdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mbappe matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan shaxsiy rekordlar va turnirning toʻpurarlar poygasi haqidagi savollarni chetlab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi vaqtda asosiy eʼtibor individual natijalarga emas, balki Fransiya terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtirokiga qaratilgan. Marca nashri xabariga koʻra, hujumchi oʻzini futbol elitasining bir qismi sifatida koʻrsatishdan koʻra, faxriy yulduzlarga hurmat bajo keltirishni afzal koʻrgan.
Shaxsiy rekordlar va kelajak rejalari
"Messi va Cristiano — eng zoʻr futbolchilar, bu aniq fakt. Men esa shunchaki jamoamga navbatdagi jahon chempionligini qoʻlga kiritishda yordam berishga harakat qilyapman. Qolgan barcha gap-soʻzlar jurnalistlar uchun bahs mavzusi, xolos", — deya taʼkidladi Kylian Mbappe. Shuningdek, u Erling Xoland bilan boʻlayotgan raqobat haqida ham toʻxtalib, hozirda faqat navbatdagi raqiblar haqida oʻylayotganini bildirdi.Fransiyalik yulduz oʻzining uzoq yillik faoliyati borasidagi taxminlarga ham oydinlik kiritdi. U oʻz kumirlari kabi 40 yoshgacha yuqori saviyada toʻp surishiga ishonmaydi. Mbappening fikricha, u keksaygan chogʻida jamoada qolishiga imkon berishmaydi va u uzoq muddatli rejalar tuzishdan koʻra, bugungi kun bilan yashashni afzal koʻradi.
Jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi toʻpurar boʻlish imkoniyati haqida gapirganda, Mbappe Lionel Messining doimiy ravishda gol urish qobiliyatini yuqori baholadi. "Leo doim gol uradi, men esa undan ortda qolmoqdaman. Albatta, gol urish orqali unga yaqinlashish mumkin, lekin men uchun eng muhimi — kubokni uyga olib kelish", — deydi futbolchi.
Zamonaviy futbol va taktika
Mbappe suhbat davomida zamonaviy futboldagi taktik oʻzgarishlarga ham toʻxtalib oʻtdi. Uning fikricha, gʻolib jamoalar har doim yangi tendensiyalarni belgilab beradi. Avvaliga hamma Barselona kabi toʻp nazoratiga asoslangan uslubni, keyin Real Madrid tajribasini, endi esa PSJ kabi agressiv pressingni oʻrganayotganini taʼkidladi.Shunga qaramay, hujumchi xalqaro maydondagi futbol klublar darajasidagidan tubdan farq qilishini qayd etdi. Terma jamoalar miqyosida taktik yondashuvlar oʻzgacha ekanligi va jahon chempionati kabi turnirlarda gʻalaba qozonish uchun faqatgina klub darajasidagi uslublarga tayanib boʻlmasligini qoʻshimcha qildi.































Izohlar 0
…