Lionel Messi jahon chempionatlari tarixidagi mutlaq rekordni yangiladi

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi jahon chempionatlari tarixida yangi sahifa ochdi. Avstriyaga qarshi kechgan uchrashuvda dubl qayd etgan futbolchi turnir tarixidagi eng yaxshi toʻpurarga aylandi. Ushbu natija bilan u uzoq vaqt davomida peshqadamlik qilib kelgan germaniyalik afsonaviy hujumchi Miroslav Klose rekordini yangiladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Dallada boʻlib oʻtgan mazkur bahsda Argentina 2:0 hisobida gʻalaba qozondi. Messi uchrashuvning 38-daqiqasida oʻzining jahon chempionatlaridagi 17-golini urib, rekordni yangilagan boʻlsa, oʻyin yakunida 18-golini ham raqib darvozasiga joylab qoʻydi. Qayd etish joizki, uchrashuv boshida Messi penaltidan unumli foydalana olmagan edi, biroq bu xato uning tarixiy natija qayd etishiga toʻsqinlik qilmadi.
Miroslav Klose: "Messi — barcha davrlarning eng yaxshisi"
Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Klose oʻz rekordining yangilanishiga munosabat bildirar ekan, argentinalik yulduzga yuksak ehtirom koʻrsatdi. Klose 2014-yildan buyon 16 ta gol bilan jahon chempionatlari toʻpurarlari roʻyxatida birinchi oʻrinni egallab kelayotgan edi."Men har doim aytganman, Messi shunchaki oddiy futbolchi emas. Men uchun Leo — barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi! Tabriklayman, chempion!", — deya iqtibos keltiradi Miroslav Klose soʻzlaridan Goal.com nashri. Germaniyalik sobiq futbolchi rekordlar baribir qachondir yangilanishini va bu ishni aynan Messi amalga oshirganidan xursand ekanini taʼkidladi.
Messi ushbu musobaqani ajoyib sport formasida boshladi. Avstriya bilan oʻyingacha u Jazoirga qarshi bahsda xet-trik qayd etib, Klosening 16 gollik natijasiga yetib olgan edi. Endilikda 18 ta gol bilan u turnir tarixidagi eng samarali oʻyinchiga aylandi. Bu natija nafaqat shaxsiy rekord, balki Argentina terma jamoasining pley-off bosqichiga muddatidan oldin yoʻllanma olishini ham taʼminladi.
Hozirda Inter Miami klubi sharafini himoya qilayotgan 38 yoshli hujumchi oʻzining soʻnggi yirik turnirlaridan birida yuqori saviyada oʻyin koʻrsatishda davom etmoqda. Sakkiz karra "Oltin toʻp" sohibi uchun ushbu rekord uning boy kolleksiyasidagi eng nufuzli yutuqlardan biri boʻlishi shubhasiz. Dunyo futboli jamoatchiligi hozirda Messining har bir harakatini katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.































Izohlar 0
…