Fabio Kannavaro: Og‘ir mag‘lubiyatga qaramay, jamoam bilan faxrlanaman

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCH-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Italiyalik mutaxassis milliy jamoamizning jahon chempionatidagi ilk ishtiroki oson kechmasligini avvaldan bilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qur’a natijasida O‘zbekiston Kolumbiya va Portugaliya kabi kuchli raqiblar bilan bir guruhdan joy olgach, murakkab sinovlar kutayotgani ma’lum bo‘lgan.
«Albatta, jahon chempionatidagi ilk ishtirok oson bo‘lmasligi tabiiy. Qur’a natijalari chiqqanidan keyin Kolumbiya va Portugaliyani ko‘rib, bizni juda qiyin guruh kutayotganini anglagandik», — dedi Kannavaro.
Bosh murabbiy Portugaliyaga qarshi yirik hisobdagi mag‘lubiyatga qaramay, futbolchilarining harakatidan faxrlanishini bildirdi.
Kannavaro Kolumbiyaga qarshi dastlabki uchrashuvdan keyin ham jamoasi haqida ijobiy fikr bildirganini eslatib, Portugaliya bilan bahsdan so‘ng ham munosabati o‘zgarmaganini aytdi.
«Kolumbiyaga qarshi o‘yindan keyin ham jamoam bilan faxrlanishimni aytgandim. Bugun ham ular bilan faxrlanaman. Chunki futbolchilarni maydonda ko‘rdim: ular qiyinchiliklarga duch kelishdi, ammo bir soniya ham taslim bo‘lishmadi», — deya murabbiyning so‘zlarini keltirdi O‘FA matbuot xizmati.
Portugaliya terma jamoasi barcha chiziqlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega bo‘lib, turnirning asosiy favoritlaridan biri hisoblanadi. Kannavaroning fikricha, bunday raqibga qarshi maydonga tushish har qanday jamoa uchun og‘ir vazifa.
Bundan tashqari, Portugaliya birinchi turda Kongo DR bilan durang qayd etgani sabab O‘zbekistonga qarshi uchrashuvga yuqori motivatsiya bilan chiqqan.
«Barcha chiziqlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynash doim qiyin. Shubhasiz, ular juda katta motivatsiya bilan maydonga tushgan edi», — dedi italiyalik mutaxassis.
Kannavaro JCH-2026ni O‘zbekiston milliy jamoasi uchun katta tajriba maktabi sifatida baholadi. Futbolchilar dunyoning eng kuchli terma jamoalariga qarshi maydonga tushib, mundial darajasidagi o‘yin sur’ati va bosimini his qilmoqda.
«Avval aytganimdek, bu jahon chempionati biz uchun tajriba», — deya ta’kidladi bosh murabbiy.
Endi O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichining so‘nggi turida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.
Fabio Kannavaro shogirdlari ushbu bahsda mundialdagi ilk ijobiy natijasini qayd etish va turnirni munosib yakunlash uchun kurashadi.































Izohlar 0
…