Anchelotti: «Braziliya endi haqiqiy jamoadek o‘ynayapti»

Braziliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti jahon chempionati guruh bosqichi 3-turida Shotlandiya ustidan qozonilgan 3:0 hisobidagi g‘alabadan keyin jamoasining o‘yiniga baho berdi.
Italiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, Braziliya futbolchilari endi maydonda yagona jamoa sifatida harakat qilmoqda. Bu esa murabbiylar shtabi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri bo‘lgan.
«Hozir biz haqiqiy jamoa sifatida o‘ynayapmiz. Bu bizning asosiy maqsadimiz edi. Albatta, biz hali mukammal emasmiz va yaxshilashimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Masalan, to‘p nazorati bizda bo‘lgan paytlarda yanada tezroq harakat qilishimiz mumkin», — dedi Anchelotti.
Braziliya bosh murabbiyi jamoaning turnir davomida sezilarli o‘sishga erishganidan mamnun ekanini ham yashirmadi. Uning fikricha, pley-off bosqichida muvaffaqiyat qozonish uchun aynan hozirgiday jips va kuchli jamoa zarur.
«Men xursandman, chunki jamoa ancha yaxshilandi va hozir juda kuchli ko‘rinyapmiz. Pley-off bosqichida kuchli bo‘lish juda muhim. Bizda aynan shunday jamoa bor», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Anchelotti guruh bosqichidagi ilk uchrashuv bilan solishtirganda, futbolchilarning o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar ko‘payganini qayd etdi.
«Birinchi o‘yinga nisbatan xatolarimiz kamaydi, o‘yin tempi oshdi va hujumdagi samaradorligimiz yaxshilandi», — dedi u.
Ma’lumot uchun, Braziliya milliy jamoasi guruh bosqichida 7 ochko to‘pladi. «S» guruhida birinchi o‘rinni egallagan braziliyaliklar pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi.































Izohlar 0
…