Alisher Nikimbayev O‘zbekistonning pley-off imkoniyatiga baho berdi

Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatida guruhdan chiqish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, nazariy jihatdan «oq bo‘rilar»da pley-off bosqichiga yo‘l olish imkoniyati hali saqlanib qolgan. Biroq buning uchun, avvalo, so‘nggi turda Kongo Demokratik Respublikasi ustidan g‘alaba qozonish talab etiladi.
Shu bilan birga, boshqa guruhlardagi uchinchi o‘rin uchun kurashayotgan jamoalarning natijalari ham O‘zbekiston foydasiga shakllanishi kerak. Demak, milliy jamoa nafaqat o‘z o‘yinini g‘alaba bilan yakunlashi, balki raqiblarining ochko yo‘qotishini ham kutishiga to‘g‘ri keladi.
Nikimbayevning fikricha, futbolchilar vaziyatning murakkabligini va barcha hisob-kitoblarni yaxshi tushunib turibdi.
«Futbolchilar bu hisob-kitoblarni hammadan ko‘ra yaxshiroq tushunishadi. Ularning o‘zi hammadan yaxshi anglab turibdi, alohida tushuntirish shart emas. Hamma matematikani biladi, maktabda o‘qigansiz-ku», — deya Nikimbayevning so‘zlarini keltiradi Metaratings.ru.
Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichining ikki turidan keyin O‘zbekiston milliy jamoasi hali ochko to‘play olgani yo‘q. Jamoaning to‘plar nisbati 1:8ni tashkil etmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekistonning vazifasi aniq: Kongo DRni mag‘lub etish va qolgan guruhlardagi natijalarni kutish. Imkoniyat bor, ammo matematika bu safar ham «oson rejim»da emas.































Izohlar 0
…