Natijalar og‘ir bo‘lsa-da, o‘zbek yigitlari dunyoni hayratga solmoqda!

Natijalar og‘ir bo‘lsa-da, o‘zbek yigitlari dunyoni hayratga solmoqda!

Milliy terma jamoamiz uchun tarixiy va uzoq kutilgan debyut Jahon chempionati ancha jiddiy sinovlar bilan boshlandi. Qur’a bizga hech qanday yengillik bermadi: dastlabki ikki o‘yindayoq dunyo futbolining eng kuchli grandlaridan bo‘lgan Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi maydonga tushdik.

Garchi Fabio Kannavaro shogirdlari ikkala bahsda ham imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, mundial biz uchun muvaffaqiyatsiz o‘tyapti deb bo‘lmaydi. Sababi — milliy jamoamizning ayrim vakillari o‘z iqtidori bilan xorijlik grandlar, skautlar va taniqli agentlarning nazariga tushib ulgurdi.

Taniqli agent Paulu Barbozaning e’tirofi

O‘zbekiston futbolini anchadan beri diqqat bilan kuzatib kelayotgan portugaliyalik mashhur futbol agenti Paulu Barboza Portugaliyaga qarshi kechgan bahsni alohida tahlil qildi. Uchrashuvdan so‘ng u o‘zini lol qoldirgan ikki nafar o‘zbek yulduzi haqida to‘lqinlanib gapirdi:

«O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida meni Abduqodir Husanov juda hayratga soldi. Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan bahsda butun jamoaning o‘yini unchalik yurishmadi, yigitlar Kolumbiya bilan o‘yindagidek dinamikani ko‘rsata olishmadi. Ammo Husanov baribir ajralib turdi.

Yana bir futbolchi — Abbosbek Fayzullayev ham men uchun kutilmagan darajada qiziq va yorqin o‘yin namoyish etdi. Ishonch bilan ayta olamanki, Abduqodir Husanov kelajakda Angliya Premer-ligasining (APL) eng kuchli himoyachilaridan biriga aylanadi. Buning uchun unda barcha sifatlar bor, u haqiqiy yuqori darajali futbolchi!»

Milliy jamoamiz faxrlari ayni damda qayerda va ularning bahosi qancha?

Xorijlik ekspertlarni bejizga hayratlantirmayotgan bu ikki 22 yoshli futbolchimiz allaqachon katta sahnada o‘z so‘zini aytib kelishmoqda:

  • Abduqodir Husanov («Manchester Siti»): Himoyachimiz nafaqat terma jamoada, balki klub miqyosida ham dahshatli mavsumni o‘tkazdi. Ortda qolgan 2025/2026 yilgi mavsumda u Pep Gvardiola qo‘l ostida barcha turnirlarda 37 ta o‘yinda maydonga tushdi! Angliya kubogi va Angliya liga kubogi sohibiga aylandi. «Shaharliklar» bilan 2029 yilgacha shartnomasi bor yigitimizning transfer bahosi Transfermarkt portalida naqd 50 million yevroga ko‘tarildi.

  • Abbosbek Fayzullayev («Istanbul Bashakshehir»): Rossiyadagi muvaffaqiyatli yurishidan so‘ng, Abbosbek o‘tgan mavsumni Turkiya superligasida o‘tkazdi. Turk klubi safida u 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 7 ta golli uzatma (assist) muallifiga aylandi. Hozirda uning transfer bahosi 7 million yevroni tashkil etmoqda.

Jahon chempionatidagi natijalar tabloda biz xohlagandek bo‘lmasa-da, bunday yirik musobaqalar futbolchilarimiz uchun katta tajriba va Yevropaning top-klublariga yo‘l ochuvchi ulkan vitrina vazifasini o‘tab bermoqda!

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar