Niderlandiya Tunisni mag‘lub etib, guruh peshqadami bo‘ldi (video)

2026 yilgi jahon chempionatida guruh bosqichining 3-tur uchrashuvlari davom etmoqda. «F» guruhida Niderlandiya milliy jamoasi autsayder Tunisni 3:1 hisobida mag‘lub etib, birinchi o‘rin bilan pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Niderlandiya o‘yinni juda faol boshladi. Uchrashuvning 3-daqiqasida Sxiri to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi va yevropaliklar hisobda oldinga chiqdi.
Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Brobbi Niderlandiyaning ikkinchi golini urdi. Shu tariqa, bahsning dastlabki daqiqalaridayoq Tunis murakkab vaziyatga tushib qoldi.
Ikkinchi bo‘limning 54-daqiqasida Masturi gol urib, hisobni qisqartirdi va Tunisga umid qaytardi. Biroq 62-daqiqada van Hekke raqib darvozasini ishg‘ol etib, Niderlandiyaning ustunligini yana ikki to‘pga yetkazdi.
Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi va Niderlandiya 3:1 hisobidagi g‘alabani rasmiylashtirdi.
JCH-2026. «F» guruhi, 3-tur
Tunis — Niderlandiya — 1:3
Gollar: Masturi, 54 — Sxiri, 3, avtogol; Brobbi, 7; van Hekke, 62.
Tunis: Damen, Valeri, Talbi, Sxiri, Bin Hamida, Abdi, Slimane (Achuri, 68), G‘arbi, Xedira (Belhaj, 67), Mejbri, Masturi.
Niderlandiya: Verbryuggen, Dumfris, van Hekke, van Deyk, Ake, Gravenberh, de Yong, Reynders (Klyuyvert, 72), Malen (Sammervill, 72), Gakpo (Lang, 84), Brobbi (Depay, 78).
Ushbu natijadan keyin Niderlandiya 7 ochko bilan «F» guruhini birinchi o‘rinda yakunladi. Yaponiya 5 ochko to‘plab, ikkinchi pog‘onadan joy oldi.
Shvetsiya 4 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinni egalladi va pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Tunis esa uchala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, ochkosiz holda so‘nggi pog‘onada qoldi.































Izohlar 0
…