Neymarning Braziliya terma jamoasiga qaytishi keskin tanqidlarga sabab boʻldi

Braziliya terma jamoasining afsonaviy hujumchisi Neymar uzoq tanaffusdan soʻng safga qaytgan boʻlsa-da, uning oʻyini mutaxassislar tomonidan iliq kutib olinmadi. Shotlandiya terma jamoasiga qarshi kechgan oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan yulduzli forvardning jismoniy holati va harakatlari sobiq futbolchilar va tahlilchilarning jiddiy eʼtirozlarini keltirib chiqardi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Miamidagi "Hard Rock Stadium" oʻyingohida boʻlib oʻtgan bahsda Braziliya 3:0 hisobida gʻalaba qozondi. Neymar oʻyinning ikkinchi boʻlimida zaxiradan maydonga tushib, 2023-yilning oktyabr oyida olgan ogʻir tizzasidan jarohatidan soʻng, roppa-rosa 981 kunlik tanaffusga nuqta qoʻydi. Biroq uning qaytishi kutilganidek yorqin kechmadi.
"Hissiyotlarga berilib qabul qilingan qaror"
Shotlandiya terma jamoasining sobiq aʼzosi va hozirda taniqli ekspert Kreyg Berli ESPN telekanalidagi chiqishida Neymarning oʻyinini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, murabbiy Karlo Anchelotti tomonidan Neymarning tarkibga jalb etilishi sport koʻrsatkichlaridan koʻra koʻproq hissiyotlarga asoslangan. Berli hujumchining harakatlarini "sust va oʻyin surʼatidan orqada qolgan" deb baholadi."Muxlislar va butun Braziliya bu afsonaviy futbolchining qaytishidan hayajonda ekanini tushunaman. Ammo tarkibga kirmay qolgan Joao Pedro kabi futbolchilarning oʻrnida boʻlganimda, bu shunchaki hissiy tanlov ekanini aytgan boʻlardim. U maydonda juda ogʻir harakat qildi, oʻyin goʻyo uning yonidan oʻtib ketayotgandek tuyuldi", — deya taʼkidladi ekspert.
Berli, shuningdek, turnirning hal qiluvchi bosqichlarida bunday holatdagi futbolchi jamoaga yordam bera olmasligini qoʻshimcha qildi. Uning soʻzlariga koʻra, tarkibda Mateus Kunya, Igor Tiago va Endrick kabi yosh, tajribasiz boʻlsa-da, jismonan kuchliroq variantlar borligida Neymarga tayanish xavfli boʻlishi mumkin.
Statistika va ruhiy holat
Garchi tanqidlar yangrayotgan boʻlsa-da, texnik koʻrsatkichlar Neymar maydonda boʻlgan qisqa vaqt ichida uchta golli vaziyat yaratganini koʻrsatmoqda. Biroq uning dinamikasi va himoyachilardan qochib ketish qobiliyati avvalgi darajada emasligi yaqqol koʻzga tashlandi. Futbolchi oʻyin yakunlangach, maydonning oʻzida koʻz yoshlarini tiya olmadi.Neymarning oʻzi bu holatni qariyb uch yillik ayriliqdan soʻng yuzaga kelgan ruhiy yengillik bilan izohladi. Braziliyalik yulduz uchun bu qaytish nafaqat sport, balki katta irodaviy gʻalaba sifatida koʻrilmoqda. Shunga qaramay, Braziliya terma jamoasining kelgusi yirik musobaqalardagi muvaffaqiyati Neymar oʻzining avvalgi sport formasini qanchalik tez tiklay olishiga bogʻliq boʻlib qolmoqda.































Izohlar 0
…