21:29 / 05.05.2017
5 208

Azamat Abduraimov: «Paxtakor» yangi rahbariyati bilan ko‘p yutuqlarga erishadi

Azamat Abduraimov: «Paxtakor» yangi rahbariyati bilan ko‘p yutuqlarga erishadi
Joriy mavsumda «Paxtakor» klubi ko‘rsatayotgan salbiy natijalar sababli klubda ketma-ket murabbiylar almashinuvi yuz berdi. Qolaversa, klub atrofida shov-shuvli xabarlar yangrayotgan bo‘lsada, jamoa bir qator ma’lumotlarni rasman rad etayotgan edi. Shunga qaramay, «Paxtakor» kuni kecha rahbariyatda rasman o‘zgarishlar bo‘lganligini ma’lum qilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Ravshan Haydarov o‘rniga Jasur Abduraimov ish boshlaganligini ma’lum qildi.

Bugunga kelib esa «Paxtakor»ning rossiyalik milliarder Alisher Usmonov qo‘l ostiga o‘tishi, Samvel Babayanning klubdan to‘liq ketganligi borasidagi mish-mishlarga rasmiy javob bo‘lganicha yo‘q. Shu bois «Paxtakor» borasidagi bir qator savollarga javob topish maqsadida biz klubga begona bo‘lmagan va ayni damda jamoadagi ichki holatdan xabardor bo‘lgan Azamat Abduraimovni suhbatga tortdik.

YaNGILANGAN «PAXTAKOR»

- Azamat aka, so‘nggi paytlarda «Paxtakor» klubi borasida shov-shuvli xabarlar tarqaldi. Jamoaga begona bo‘lmagan shaxs sifatida klubda qanday o‘zgarishlar yuz berdi, oydinlik kiritsangiz…
- Barchaga ma’lum, «Paxtakor» nafaqat mamlakatimizda balki uning tashqarisida ham katta obro‘ga ega mashhur klub sanaladi. Jamoaning yarim asrdan ziyod bo‘lgan tarixidan ham bilsa bo‘ladi, bu shuncha yillar O‘zbekistonning bayroqdor jamoasi sanalib kelingan va hozirda ham mamlakatning eng nomdor klubi sifatida qolmoqda. Bilasiz, 2000-yillar boshida «Paxtakor» klubi boshqaruviga Botir Rahimov kelgach, jamoa terma jamoa bazasi sifatida shakllantirildi, klubning o‘zi ham zarhal harflar bilan yozilgan tarix yarata oldi. Ya’ni, Osiyo maydonlarida muvaffaqiyatli natijalarga erishildi, MDH Kubogi bosh sovrini Toshkentga olib kelindi, bir so‘z bilan aytganda «Paxtakor» ko‘p yillar O‘zbekiston chempionatida gegemonlik qildi. Ammo bir necha yil oldin klub prezidenti Botir Rahimov ma’lum sabablarga ko‘ra, «Paxtakor»ni moliyaviy qo‘llab-quvvatlay olmasligi ma’lum bo‘lgach, so‘nggi yillarda bosh menejer sifatida Samvel Babayanning o‘zi klubga rahbarlik qilayotgan edi. Alohida ta’kidlash kerak, Babayan o‘tgan davr mobaynida klub rivojiga ulkan hissa qo‘shdi va jamoaning yutuqlari ham bejizga uning nomi bilan atalmadi. Sir emas, «Paxtakor» hattoki chempionlikka erishgan so‘nggi yillarda ham moliyaviy muammolarni boshdan kechirdi. Bu borada O‘FF rahbari Mirabror Usmonov va klub bo‘ysunadigan Toshkent shahar hokimiyati ham qo‘ldan kelgan yordamini bergan bo‘lsada, «Paxtakor»da jiddiy o‘zgarishlar qilish payti etib kelganligi ma’lum edi. Ayniqsa, Samvel Babayan O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyati davrida «Paxtakor» jiddiy muammolarga yo‘liqa boshladi. Joriy mavsumdagi salbiy natijalar rahbariyatni jiddiy bosh qotirishga majbur qildi. Natijada klubda jiddiy o‘zgarish qilinib, jamoaga yangi rahbariyat tayinlandi.

YaNGI RAHBAR KIM?

- «Paxtakor» vise-prezidenti etib tayinlangan Bobur Shodiev futbol jamoatchiligi uchun notanish bo‘lsada, siz uchun begona emas…
- Chindan ham, «Paxtakor» klubining yangi rahbari muxlislar uchun hali notanish bo‘lsada, men Bobur Shodievni futbolni sevadigan rahbar, futbol jonkuyari sifatida yaxshi bilaman. Bobur Qobulovich bilan 2003 yildan mini-futbolda havaskorlar sifatida birga to‘p surganmiz. O‘shanda u «Naytov» futzal jamoamiz rahbari va o‘yinchisi sifatida to‘p surardi. Bobur o‘shandayoq jamoaning barcha muammolarini bartaraf etar, o‘yinchilar bilan yaqin munosabatda bo‘lib, ajoyib atmosferani yarata olgandi. Uning insoniylik jihatlari tahsinga loyiq. Jamoa mag‘lub bo‘lganda ham barchaning ko‘nglini ko‘tarib, keyingi o‘yinlar oldidan har tomonlama ruhlantira olardi. Qolaversa, Bobur Shodiev rahbarligida biz faxriylar o‘rtasidagi bir qator turnirlarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edik. Yodimda, 2004 yilda biz Osiyo O‘yinlari-1994 chempionligining 10 yilligiga bag‘ishlab, Chempionlar Kubogi o‘tkazmoqchi edik. O‘shanda ham Bobur Qobulovich g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlab, Toshkentda ushbu turnirni yuqori darajada o‘tkazishga ulkan hissa qo‘shgan edi. Jamoalar tarkibida 1994 yilgi Osiyo O‘yinlari g‘oliblari to‘p surgan edi. O‘shanda ushbu turnirda ham g‘alaba qozongan edik. 2009 yilda ham katta futbolda faxriylar o‘rtasida «Kuchlilar Kubogi» o‘tkazilib, Bobur Shodiev bilan Toshkent terma jamoasi safida birgan to‘p surganmiz. Tarkibda men, Ja’far Irismetov, Sobir Hodiev, Rustam Zabirov singari katta futboldan chiqqan o‘yinchilar to‘p surardik. Umuman olganda, «Paxtakor» yangi rahbari Bobur Shodiev va bosh direktor Umid Ahmadjonovni futbolni yaxshi tushunadigan, sevadigan va eng muhimi futbolga zamonaviy qarashlar olib kira oladigan shaxs sifatida bilaman. Ishonamanki, «Paxtakor» ularning rahbarligida katta yutuqlarga erishadi.

BABAYaN «PAXTAKOR»DAN KETDIMI?

- 15 yillik faoliyatdan keyin Samvel Babayan «Paxtakor»ni to‘liq tark etdimi?
- Bilishimcha, yangi rahbariyat Samvel Babayanga ko‘p yillik mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib, xayrlashgan. Babayan bilan birga klubni Ravshan Haydarov, Viktor Jalilov, Grigoriy Kolosovskiy singari murabbiylar ham tark etishgan. Menimcha, bu to‘g‘ri qaror. Chunki yangi rahbariyat yangi maqsadlar uchun o‘zi ishongan, hamfikrlar bilan ishlashni istashi aniq. Albatta, yangi bosqichga chiqish uchun hali vaqt zarur. Chunki, klubda jiddiy islohotlar olib borilishi kutilmoqda, akademiyaning faoliyati yangidan ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan, qolgan lavozimlarda ham yangi jamoa ish boshlasa kerak.

USMONOV VA «PAXTAKOR»

- Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning «Paxtakor» klubi aksiyadorlaridan biriga aylanganligi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
- Bu borada rasman ma’lumot yo‘qligi uchun, aniq gap aytish qiyin. Xabaringiz bor, yil boshida Alisher Burhonovich «San’at, fan va sport» fondi orqali o‘zi tug‘ilib o‘sgan O‘zbekistonda bir qator loyihalarni amalga oshirishini ma’lum qilgandi. Yaqinda muhtaram prezidentimiz Moskvada bo‘lib, Rossiya – O‘zbekiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish borasida muzokaralar o‘tkazib qaytdilar. Shundan so‘ng Alisher Usmonov mamlakatimizga investisiyalar kiritishi haqida so‘z ochgandi. Alisher Burhonovichning sportga befarq emasligini hisobga olsak, u fondi orqali sportimiz, xususan futbolimiz rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shishini taxmin qilsa bo‘ladi. Bu mish-mishlar aynan «Paxtakor» bilan sodir bo‘layotgani esa, ushbu jamoaning MDHda ham katta obro‘-e’tiborga ega klubligidan dalolat beradi. Darvoqe, yana bir yangilik shuki, «Paxtakor» stadioni ham tez orada zamonaviy tarzda rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda.

- Jasur Abduraimovning «Paxtakor» bosh murabbiyi etib tayinlanishi vaqtinchalik holatmi?
- O‘ylaymanki, «Paxtakor» yangi rahbariyati to‘g‘ri qarorga keldi. Jasur ukam bo‘lganligi yoki Abduraimovlar sulolasi vakili bo‘lganligi uchun aytmayapman, shunchaki Haydarov ketganidan so‘ng bosh murabbiy lavomizimini vaqtinchalik boshqaradigan mutaxassis klub ichidan tayinlanishi lozim edi. Chunki, birinchi davra yakunlanishiga hali ancha vaqt bor va qolgan o‘yinlarda hozirgi tarkibni yaxshi biladigan murabbiy kerak edi. Jasur esa anchadan buyon «Paxtakor»da faoliyat yuritayotgandi. Qolaversa, u O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida ham o‘zini yorqin jihatlarini namoyish eta olgandi. «Paxtakor»ning «Navbahor» ustidan qozongan g‘alabasi yangi rahbariyat va murabbiylarning ishni omadli boshlaganidan dalolat. Bilishimcha, klub ikkinchi davrada xorijdan murabbiy taklif etmoqchi, tarkib ham kuchaytirishni maqsad qilgan. Shunday ekan, yangi davrni boshlagan «Paxtakor»ga omad tilab, chempionatimizning yanada qiziqarli tus olishiga, muxlislarning esa stadionlarimizga qaytishiga umid bildirib qolaman.

Manba: Uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azamat Abduraimov: «Paxtakor» yangi rahbariyati bilan ko‘p yutuqlarga erishadi